Xabar berganimizdek, 3-16 sentyabr kunlari Samarqandda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning “Grand Swiss 2025” xalqaro musobaqasi o‘tkazilmoqda.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 855 ming AQSH dollari bo‘lgan turnirda 39 mamlakatdan jahon reytingida yuqori ko‘rsatkichga ega 172 nafar grosmeyster ishtirok etmoqda.
Bugun musobaqa qatnashchilari Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Arkadiy Dvorkovich, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev, Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev ishtirokida bellashuvlarga kirishdi.
Bahslarni Adiz Boboyev va Alisher Sa’dullayev ramziy ma’noda boshlab berdi.
2026 yilgi jahon chempionatiga nomzodlarni saralash vazifasini o‘taydigan, 11 turdan iborat turnirda 116 nafar erkak va 56 nafar ayol shaxmatchi dona suradi. Musobaqa nizomiga ko‘ra, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi turnirlarda eng yaxshi ikkita o‘rinni egallaganlar jahon chempioni unvoni uchun da’vogarlarni aniqlaydigan 2026 yilgi nomzodlar turniri yo‘llanmasi sohibi bo‘ladi.
[gallery-25170]
“Grand Swiss” xalqaro shaxmat federatsiyasining eng nufuzli musobaqalaridan biri bo‘lib, 2019 yildan buyon har ikki yilda o‘tkazib kelinmoqda. Turnirda yurtimiz sharafini 14 nafar nomdor shaxmatchilarimiz himoya qiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari