“Grand Swiss 2025”da kimning imkoniyati qanday?
Ertaga Samarqandda mukofot jamg‘armasi 855 ming AQSH dollaridan iborat “Grand Swiss 2025” turniri boshlanadi.
Bugungacha turnirda ishtirok etish uchun talabnomalarni taqdim etgan o‘nlab jahon shaxmatining yorqin vakillari qadim shaharga yetib keldi.
Kecha Xalqaro shaxmat federatsiyasi delegatsiyasi qatorida ukrainalik Anna va Mariya Muzichuk, Ispaniya sharafini himoya qilayotgan Aleksey Shirov kabi bir qator shaxmatchilar yetib keldi.
Bugun, 2 sentyabr kuni erta tongda germaniyalik Vinsent Kaymer, niderlandiyalik Anish Giri, vengriyalik Richard Rapport, fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav, rossiyalik Polina Shuvalova, qozog‘istonlik Bibisora Asaubayeva, FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashadigan Volodar Murzin kabi grossmeysterlar kutib olindi.

Shuningdek, kun davomida jahon chempioni Dommaraju Gukesh, turnirning birinchi raqamli ishtirokchisi Rameshbabu Praggnanandxa, Anna Shaxman singari 50 nafarga yaqin shaxmatchilar yetib kelishi kutilmoqda.
Xo‘sh, 2026 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanmalar taqdim etadigan Samarqand bahslarida kimlarning imkoniyati yuqori-yu, aynan qaysi shaxmatchilarning o‘yinlarini kuzatib borish lozim bo‘ladi?
Albatta, turnirda dona suradigan 116 nafar erkak va 56 nafar xotin-qiz shaxmatchining har biri o‘ziga xos jozibali o‘yin ko‘rsatishi shubhasiz.
Ammo ular orasida “Grand Swiss 2025” turnirining birinchi raqamli ishtirokchisi Rameshbabu Praggnanandxa, amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukesh, yaqinda Hindistonda o‘tkazilgan nufuzli turnirda g‘oliblikka erishgan germaniyalik Vinsent Kaymer, 2021 yilgi “Grand Swiss” g‘olibi Aliriza Firuzja qatorida Anish Giri, Vidit Santosh Gujrati, Nodirbek Abdusattorov, Levon Aronyan kabi o‘nlab vunderkindlarning har bir o‘yini klassik shaxmatning shiddatini ko‘rsatib berishi bilan ahamiyatli sanaladi.

Ayollar o‘rtasidagi bahslarda xitoylik Chjuni Tan, ukrainalik Anna Muzichuk, qozog‘istonlik Bibisora Asaubayeva, rossiyalik Katerina Lagno, hindistonlik Xarika Dronavalli qatorida hamyurtlarimiz Afruza Hamdamova, Umida Omonova, Gulruhbegim Tohirjonova ishtirokidagi bahslar shaxmat ixlosmandlarining e’tibor markazida bo‘lishi shubhasiz.
Eslatib o‘tamiz, “Grand Swiss 2025”ning erkaklar musobaqasida hamyurtlarimizdan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov, Jahongir Vohidov, Muhammadzohid Suyarov, Ortiq Nig‘matov, Abdumalik Abdusalimov, ayollar guruhida Gulruhbegim Tohirjonova, Afruza Hamdamova, Umida Omonova, Guldona Karimova va Madinabonu Xalilova g‘oliblik yo‘lida dona suradi.
Istagimiz, Samarqand bahslarida terma jamoamiz a’zolari munosib o‘yin namoyish etib, dunyo shaxmat maydonida o‘zbek sportining yangi g‘oliblik bayrog‘ini sarbaland etsin.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA