G‘oliblar viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi
Andijonda “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” va “Prezident Olimpiadasi” birinchi bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.
Andijon olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Yangi O‘zbekiston Olimpiadasi – 2026” sport musobaqalarining birinchi bosqichi – “Andijon shahar hokimi olimpiadasi” doirasida sportning Taekvondo WT yo‘nalishi bo‘yicha shahar bosqichi musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqada Andijon shahridagi sport maktablari sportchilari, shuningdek, shaharda faoliyat olib borayotgan taekvondo sport klublari o‘quvchilari ishtirok etib, o‘zlarining mahorat va imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.

Bir necha vazn toifasida, qizlar va o‘g‘il bolalar o‘rtasida murosasiz kurashlar asosida o‘tgan bellashuvlarda har bir ishtirokchi g‘alaba uchun astoydil harakat qildi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan sportchilar musobaqaning viloyat bosqichida qatnashish uchun yo‘llanma oldi.

Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar Andijon shahar hokimligi tomonidan medal va diplomlar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA