Javohir Sindorov Da’vogarlar bahsining ilk turida Yesipenko bilan kurashadi
Bugun, 29-mart kuni Kiprda Xalqaro shaxmat federatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan Nomzodlar turniri musobaqasining 1-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Kecha musobaqada ishtirok etayotgan 8 nafar erkak va 8 nafar ayol grossmeysterlar sharafiga AQSH, Qozog‘iston, Xitoy, Hindiston, Niderlandiya, Ukraina, O‘zbekiston va Kipr davlatlarining bayroqlari bilan bezatilgan ochiq maydonda nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimi tashkil etildi.
Dunyoning eng mahoratli shaxmatchilari ishtirokida boshlanayotgan Da’vogarlar turnirida hamyurtimiz, 2025-yilgi jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindorovning qatnashayotgani barchamizga cheksiz iftixor bag‘ishlamoqda.

Turnir davomida shaxmatchilar aylanma tizimdagi 14 ta tur bahslarida dona suradi. Ya’ni, har bir ishtirokchi boshqalar bilan ikki martadan — bir marta oq, bir marta qora donalarda kuch sinashadi.
Bugun o‘tkaziladigan 1-tur musobaqasida Sindorov qora donalarda rossiyalik Andrey Yesipenko bilan kuch sinashadi.
Shuningdek, germaniyalik Matias Blyubaum xitoylik Vey I, hindistonlik Praggnanandxa niderlandiyalik Anish Giri, AQSHlik Fabiano Karuana hamyurti Hikaru Nakamura bilan to‘qnash keladi.
Ayollar o‘rtasida kechadigan dastlabki tur musobaqasida hindistonlik Divya Deshmukx ukrainalik Anna Muzichuk, hindistonlik Vayshali Rameshbabu qozog‘istonlik Bibisara Asaubayeva, rossiyalik Aleksandra Goryachkina hamyurti Katerina Lagno, xitoylik Chju Sziner yurtdoshi Tan Chjuniga qarshi dona suradi.
Musobaqalar 16-aprelga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA