Shu kunlarda Nigeriyaning Abuja shahrida “Global media savodxonlik haftaligi” davom etyapti.
Yolg‘on axborot va soxta targ‘ibotga aldanib qolmaslikning qanday yo‘llari bor? Buning uchun butun umr yolg‘on va to‘g‘ri ma’lumotning farqiga borishni o‘rganish taqozo etiladi. bugungi global axborotlashuv va raqamli texnologiya davrida esa ayni ko‘nikmaning ahamiyati beqiyos.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti yolg‘on axborotga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda, deyiladi ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning yangiliklar sayti xabarida. Binobarin, BMT yaqin sheriklari bilan hamkorlikda 2020 yil may oyidayoq ijtimoiy tarmoqda «Tekshirilgan!» (Verified) global kampaniyasini ishga tushirgan.
Bundan ko‘zlangan maqsad – insonlar faqat ishonchli axborotdan foydalanishiga imkoniyat yaratishdir. Mazkur kampaniya tashkilotchilari va ishtirokchilari eng ommabop onlayn-platformalar foydalanuvchilariga murojaat qilib, ulardan internetda ko‘zlari tushgan axborotni boshqalar bilan baham ko‘rishga shoshilmaslik, avval bu ma’lumot to‘g‘ri-noto‘g‘riligi haqida o‘ylab ko‘rishni so‘ragan.
Joriy yilgi “Global media savodxonlik haftaligi” axborotning to‘g‘ri va ishonchliligini ta’minlash masalasiga bag‘ishlandi. BMT So‘z erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisining fikricha, uydirma va yolg‘on axborotni aniqlashga faqat media savodxonlikni oshirish hamda axborot to‘g‘riligiga ishonch hosil qilish yo‘li bilangina erishish mumkin.
Xususan, “agar kishilarni raqamli makonda tarqatilayotgan yolg‘on va to‘g‘ri axborot o‘rtasidagi farqni aniqlashga o‘rgata olsak, muammo ijobiy yechim topadi. Xuddi shu jarayon Finlandiyada allaqachon boshlangan bo‘lib, bu yerda bolalarni boshlang‘ich sinfdanoq media savodxonlikka o‘rgatishmoqda”, deydi BMT maxsus ma’ruzachisi.
Ta’kidlash joiz, mazkur an’anaviy haftalik manfaatdor tomonlarga global media va axborot savodxonligiga erishish borasida qanday natijalar qo‘lga kiritilayotganini tahlil qilish, ilg‘or, namunali yutuqlarni alohida qayd etish imkonini beradi.
Shuning uchun YUNESKO hamda tuzilmaning Media va axborot savodxonligi bo‘yicha alyansi a’zolari barcha hamkorlarni “Global media savodxonlik haftaligi”ni dunyo miqyosida o‘tkazish bo‘yicha hamjihatlikka chorlaydi. Barcha mamlakatlarda ayni mavzuga doir turli onlayn va oflayn tadbirlar uyushtirish tavsiya etiladi.
Afsuski, bugungi kunda yer yuzida insonlar, xalqlar, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch susayib bormoqda. Ana shunday murakkab sharoitda xalqaro hamjamiyatning barcha uchun global media va axborot savodxonligiga erishish yo‘lidagi qat’iyati hamda ushbu maqsadga yo‘naltirilgan joriy sa’y-harakatlari yetarli emas. Buning uchun dunyo ahli o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash bo‘yicha yangi tashabbuslar bilan chiqish ham talab etiladi.
Shu ma’noda navbatdagi anjuman eng avvalo insonlar, qolaversa, ommaviy axborot vositalari, raqamli platformalar, hukumatlar, xususiy sektor va nohukumat tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro ishonch hamda birdamlikni mustahkamlashga qaratilgani bejiz emas.
Haftalik dasturiga muvofiq o‘tkazilayotgan tadbirlarda yil davomida media va axborot savodxonligi sohasida erishilgan yutuqlar sarhisob qilinmoqda. O‘zaro ishonchni mustahkamlash, har qanday ishonchsizlikka barham berishga xizmat qiladigan istiqbolli rejalar muhokama etilmoqda.
YUNESKO shafeligida bo‘lib o‘tayotgan mazkur xalqaro anjuman 31 oktyabrgacha davom etadi.
G‘ulom MIRZO, O‘zA