“G‘ijduvon kulolchiligi va pazandalari” festivali bo‘lib o‘tdi
Ayrim maskanlar borki, ularni bir marta ko‘rishning o‘zi yetarli emas. Chunki bu joylarda oddiy ko‘cha, oddiy hovli yoki oddiy bir hunarmandchilik buyumi ortida asrlar sadosi, ajdodlar tajribasi va xalqning betakror tafakkuri yashaydi.
Buxoro viloyatining hunarmandlar va tadbirkorlar yurti G‘ijduvon ana shunday qadimiy va o‘ziga xos maskanlardan biri. Bu zaminda hunar avloddan-avlodga o‘tib, vaqt sinovlaridan omon qolgan. Ayniqsa, G‘ijduvon kulolchiligi, milliy taomlari, hunarmandchiligi va mehmondo‘stligi bugun tumanning o‘ziga xos turistik brendiga aylanib bormoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalq hunarmandchiligini rivojlantirish, ustoz-shogird an’analarini davom ettirish, ichki va ziyorat turizmi salohiyatini keng namoyon etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. G‘ijduvonda o‘tkazilgan “G‘ijduvon kulolchiligi va pazandalari” festivali ana shu ezgu maqsadlarning hayotiy va ta’sirchan ifodasi bo‘ldi.
G‘ijduvon nomi tilga olinganda, avvalo, ko‘z oldimizga mohir kulollar, qo‘li gul hunarmandlar, milliy taomlarning betakror ta’mi va qadimiy an’analar keladi.
Asrlar davomida shakllangan G‘ijduvon kulolchilik maktabi nafaqat Buxoro vohasida, balki mamlakatimizda ham o‘zining o‘ziga xos uslubi bilan tanilgan. Bu maktabning asosiy qimmati — kulolchilikning oddiy buyum tayyorlash emas, balki san’at darajasiga ko‘tarilganida.
Ustalar qo‘lida tuproqqa shakl kirib, u san’at asariga aylanadi. Oddiy loydan yasalgan kosa, lagan, ko‘za yoki boshqa buyumlarda milliy did, tabiatga munosabat, ajdodlardan meros estetik qarashlar mujassamlashadi.

Eng muhimi, bu hunar ustozdan shogirdga o‘tib kelayotgan tirik maktabdir. Shu jihatdan G‘ijduvon kulolchiligi — o‘tmish xotirasi emas, balki bugun ham yashab, yangi avlod qo‘lida takomillashayotgan milliy merosdir.
G‘ijduvon tumanidagi “Qo‘rg‘on” turizm mahallasi yaqinida joylashgan “Yoshlar bog‘i” hamda “Qadimiy G‘ijduvon Qo‘rg‘oni” maydonida o‘tkazilgan festival ana shu boy merosni keng namoyish etishga xizmat qildi. Tadbirga tuman aholisi bilan birga mahalliy va xorijiy sayyohlar, hunarmandlar, pazandalar, ijodkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurishdi.
Festivalning e’tiborli jihati shundaki, mehmonlar milliy madaniyatimizni tomosha qilibgina qolmay, uning yaratilish jarayoniga bevosita guvoh bo‘ldi. G‘ijduvon kulolchilik maktabi ustalari tomonidan amaliy mahorat darslari o‘tkazilib, kulolchilikning nozik sir-asrorlari namoyish etildi. Kashtado‘zlik, milliy hunarmandchilik namunalari ko‘rgazmalari esa xalqimizning estetik didi va boy ijodiy salohiyatini yana bir bor namoyon qildi.

Milliy taomlar tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari, yosh ijodkorlar chiqishlari va folklor jamoalarining sahna dasturlari festivalga alohida fayz bag‘ishladi.
G‘ijduvonni uning mashhur shashliksiz tasavvur qilish qiyin. Festival mehmonlariga “G‘ijduvon shashligi”ni tayyorlash jarayoni namoyish etilgani ham bejiz emas. Chunki milliy taom ham xalqning tarixi, turmush tarzi va mehmondo‘stligini o‘zida mujassam etgan madaniy merosdir. 25 ta pavilonda mohir kabobpazlar o‘z san’atini namoyish etgan bo‘lsa, 10 ta pavilonda shirinpazlar mehmonlarga o‘z mahoratini ko‘rsatdi. Bu yerda shashlik shunchaki taom sifatida emas, balki G‘ijduvonning o‘ziga xos gastronomik brendi sifatida namoyon bo‘ldi. Yana 10 ta pavilonda tashkil etilgan “Qovun sayli” esa milliy dehqonchilik madaniyati va ne’matlarga bo‘lgan ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi.

20 ta pavilonda mahalliy hunarmandlarning mahsulotlari va ijodiy ishlari namoyish etildi. Har bir buyumda ustalarning mehnati, didi va mahoratini ko‘rish mumkin edi.
Festival ko‘lami ham alohida e’tiborga loyiq. Tadbirda 20 ming nafardan ortiq kishi ishtirok etdi. Bu raqam ortida nafaqat ommaviy tadbirga bo‘lgan qiziqish, balki G‘ijduvonning turizm salohiyatiga tobora ortib borayotgan e’tibor ham mujassam. Ayniqsa, mahalliy va xorijiy sayyohlarning ishtiroki G‘ijduvonni madaniy, etnografik va gastronomik turizmning jozibador yo‘nalishlaridan biriga aylantirish uchun katta imkoniyatlar borligini ko‘rsatmoqda.
Tadbir doirasida ichki turizm yarmarkasining tashkil etilgani ham ahamiyatli. Zero, mamlakatimiz aholisi o‘z yurtining tarixiy shaharlari, qadimiy hunar maktablari va milliy taomlarini qancha ko‘p kashf etsa, ichki turizm madaniyati ham shuncha yuksaladi.
Festival yakunida kulolchilik, pazandalik va hunarmandchilik yo‘nalishlarida ishtirok etganlar 20 dan ortiq nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlanishdi.
“Eng mohir kulolsoz”, “Eng mohir shashlikpaz”, “Eng mohir pazanda” kabi nominatsiyalar sohiblariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Bunday e’tirofning ahamiyati faqat g‘oliblarni rag‘batlantirish bilan cheklanmaydi. U yoshlarni hunar o‘rganishga, milliy an’analarni davom ettirishga, o‘z mahoratini sayyohlarga namoyish etishga undaydi. Chunki hunar qadr topgan joyda avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik mustahkam bo‘ladi. Bugun G‘ijduvondagi har bir kulolchilik ustaxonasi, har bir hunarmand qo‘lidagi buyum, har bir milliy taom va har bir qadimiy an’ana turizm uchun yangi imkoniyatdir.
G‘ijduvonning eng katta boyligi — uning tabiiy resurslarida emas, avvalo, insonlarida. Asrlar davomida shakllangan hunar maktablarini saqlab kelayotgan ustalar, milliy taomlarning sirlarini biladigan pazandalar, zamonaviy dunyoda qadimiy san’atni davom ettirayotgan yoshlar — tumanning haqiqiy boyligidir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, “G‘ijduvon kulolchiligi va pazandalari” festivali oddiy madaniy tadbir emas. U tarix, hunar, san’at, milliy taom va turizmni bir nuqtada birlashtirgan o‘ziga xos madaniy maydon bo‘ldi.
Bugun G‘ijduvonda yasalgan bir kosa yoki lagan xorijlik sayyohning xonadoniga borishi mumkin. Undagi naqsh esa Buxoro zamini haqidagi hikoyani dunyoning boshqa bir burchagiga yetkazadi. Bir porsiya G‘ijduvon shashligi esa mehmonga milliy taomning ta’mi orqali xalqimizning mehmondo‘stligini his qildiradi.

Demak, hunarmandchilik — nafaqat meros, balki turizm, tadbirkorlik va yangi imkoniyatlar manbai hamdir.
G‘ijduvonning kechagi tarixi bugungi avlod qo‘lida yangi mazmun kasb etmoqda. Qadimiy hunarlar zamonaviy turizm bilan uyg‘unlashib, tumanni dunyoga tanitishning o‘ziga xos vositasiga aylanmoqda. Eng muhimi, bu jarayonda asrlar osha bizga yetib kelgan milliy qadriyatlar nafaqat asrab qolinmoqda, balki yangi avlodga yetkazilib, yanada sayqallanmoqda.
G‘ijduvon — kulollar yurti. G‘ijduvon — pazandalar diyori. G‘ijduvon — hunar va mehr uyg‘unlashgan maskan. Uning har bir naqshida — tarix, har bir hunarida — avlodlar xotirasi, har bir dasturxonida — xalqning mehri bor, har bir mehmoni taassurotlarida esa G‘ijduvonning dunyoga ochilayotgan yangi qiyofasi aks etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri