Malayziyaning gastronomik turizm tajribasi o‘rganilmoqda
“DMO Karakalpakstan” jamoat birlashmasi tomonidan o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari Malayziyaning gastronomik turizm tajribasini o‘rganmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondining ijtimoiy buyurtmasi asosida moliyalashtirilgan va “DMO Karakalpakstan” (Destination Management Organization of Karakalpakstan) jamoat birlashmasi tomonidan amalga oshirilgan “QR Gastronomic Quality – 2026” festivali doirasida Qoraqalpog‘istonda ilk bor restoran va kafelarda xizmat ko‘rsatish sifatini baholash bo‘yicha amaliy tanlov o‘tkazilgan edi.
Ushbu tanlovda g‘olib bo‘lgan uchta restoran vakillari aholiga, shu jumladan, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish ishini tashkil etish, mehmonlar bilan ishlash ko‘nikmalari bilan yaqindan tanishmoqda.

Tashrif davomida tanlov g‘oliblari Michelin yulduzlari bilan taqdirlangan Kuala-Lumpurning yetakchi restoranlari va gastronomik makonlariga tashrif buyurib, umumiy ovqatlanishning zamonaviy shakllarini o‘rganmoqda. Malayziyaning zamonaviy va xalqaro taomlar bilan tanishish, turli restoran konsepsiyalari va mahalliy mahsulotlar bilan ishlashni o‘rganish, mahorat darslarida ishtirok etish, ushbu mamlakatning restoran sanoati vakillari bilan kasbiy tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Jumladan, 2023-yildan beri o‘z Michelin yulduzini saqlab kelayotgan 1 yulduzli Beta KL restoraniga tashrif alohida qiziqish uyg‘otdi. Ishtirokchilar restoran rahbariyati va bosh oshpazi vakillari bilan uchrashib, oshxonani rivojlantirish, xizmat ko‘rsatishni tashkil etish va Michelin standartlariga mos keladigan yuqori sifat darajasini saqlash bo‘yicha yondashuvlar bilan tanishdilar.
Ishtirokchilar milliy taomlar va madaniyatning sayyohlik mahsulotining bir qismiga aylanishini va mehmonlar uchun noyob tajribani shakllantirishga qanday yordam berishini o‘rganmoqda. Olingan bilim va amaliy tajriba hududning mahalliy an’analari va xususiyatlarini hisobga olgan holda Qoraqalpog‘istonning restoran sohasida yangi g‘oyalar va yechimlar uchun asos bo‘lishi mumkin.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri