GFR mudofaa vaziri 140 milliard yevrolik harbiy byudjetni himoya qildi
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius parlamentda so‘zga chiqib, 2027-yil uchun ajratilishi rejalashtirilgan 140 milliard yevro qiymatga ega rekord darajadagi mudofaa byudjetini himoya qildi. Mazkur qaror "xalqaro maydondagi noaniqlik va Rossiyadan xavf-xatar kuchayib borayotgan bir sharoitda mamlakat xavfsizligi kafolati” ekani ta’kidlangan.
Byudjet muhokamasi chog‘i mulozim ushbu mablag‘ni maktab, shifoxona va infratuzilmaga yo‘naltirish lozimligini ta’kidlagan muxolifat tanqidini inkor etdi. Uning fikricha, kuchli, jangovar Qurolli kuchlar hamda jipslashgan NATOsiz, erishilgan barcha yutuqlar va mavjud turmush tarzini himoya qilib bo‘lmaydi.
Shuningdek, Pistorius Rossiya o‘z mudofaa tizimini moliyaviy va moddiy jihatdan shiddat bilan qayta qurollantirayotganiga e’tibor qaratdi. Ta’kidlanishicha, Moskva byudjetining qariyb yarmini harbiy maqsadga sarflayapti. Bu miqdorning salmoqli qismi nafaqat Ukrainadagi jang, balki kelgusi ehtimoliy mojarolar uchun yaratiladigan qurol-aslaha zaxirasini to‘ldirishga ham yo‘naltirilmoqda.
Mudofaa tizimi rahbari Germaniya to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moskvaning nishonida turganini qayd etgan. Rossiya tomoni josuslik qilish, jamiyatga ta’sir o‘tkazish, qo‘rqitish hamda aholi orasida noaniqlik va beqarorlik urug‘ini sochishga urinmoqda. Ayniqsa keyingi payt bunday harakat mutlaq yangi bosqichga ko‘tarilgan.
Mers hukumati taqdim etgan 2027-yilgi rejaga ko‘ra, mudofaa xarajati davlat byudjetidagi ikkinchi eng yirik sohaga aylandi. Vazirlikning asosiy byudjeti joriy yildagiga nisbatan 32,7 foiz oshib, 109,75 milliard yevroga yetdi. Bu yetakchi sohalar ichida eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichidir. GFR Qurolli kuchlari maxsus jamg‘armasi mablag‘i ham qo‘shilganda tuzilma umumiy byudjeti 140 milliard yevroga yaqinlashadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA