Germaniyaning Markaziy Osiyoga qaytishi: O‘zbekiston nima uchun Berlin e’tiboriga tushdi?
So‘nggi yillarda xalqaro munosabatlarda yuz berayotgan o‘zgarishlar ko‘p yil davomida shakllangan tashqi siyosiy ustuvorlikni qayta ko‘rib chiqishga undamoqda. Ayniqsa, Yevropa davlatlari uchun energetika xavfsizligi, ta’minot zanjiri barqarorligi, yangi bozor va strategik resurs masalasi mutlaqo boshqacha ahamiyat kasb etmoqda. Shunday sharoitda Germaniyaning Markaziy Osiyoga qiziqishi sezilarli darajada ortdi. Bu holat ko‘pincha iqtisodiy hamkorlik yoki investitsiya bilan izohlansa-da, voqelik anchayin murakkab va qiziqarli.
Germaniya uchun Toshkent asta-sekin Markaziy Osiyo siyosatidagi asosiy tayanch nuqtasiga aylanmoqda. Bu jarayonni tushunish uchun o‘zaro aloqalar emas, balki Yevrosiyoda shakllanayotgan yangi geoiqtisodiy muhitga nazar tashlash lozim.
Ko‘pchilik e’tibor bermaydigan jihat shundaki, Germaniya va O‘zbekiston munosabati o‘zgarib borayotgan global ehtiyojga asoslangan. Bugungi dunyoda davlatlar ahamiyati qayerda joylashgani emas, balki qanday imkoniyat taklif qilishi bilan belgilanmoqda. Shu nuqtai nazardan mamlakatimiz GFR uchun Markaziy Osiyodagi muhim hamkorlardan biriga aylanishi tasodif emas.
XXI asr birinchi choragi yakuniga yetayotgan bir paytda Germaniya iqtisodiyoti yangi chaqiriqlarga duch kelmoqda. Mamlakat ko‘p yil davomida globallashuvning eng faol ishtirokchilaridan biri bo‘lib keldi. Arzon energiya manbasi, barqaror ta’minot zanjiri va tashqi bozorga erkin chiqish imkoniyati nemis iqtisodiyoti samaradorligining muhim omillari hisoblanardi. Keyingi yillardagi xalqaro inqiroz bu tizimning zaif nuqtalarini ham ochib berdi.
Natijada Berlin tashqi iqtisodiy aloqani diversifikatsiya qilish siyosatiga jiddiy e’tibor qarata boshladi. Ayni jarayonda Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonning ahamiyati ortishi nafaqat resurs manbai, balki Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan muhim iqtisodiy makon ekaniga ham bog‘liq.
Aksar tahlilchilar Germaniyaning O‘zbekistonga qiziqishini mineral resurslar yoki savdo hajmi bilan izohlashga harakat qiladi. Aslida Berlin Toshkentni kelajakdagi iqtisodiy va transport manzarasining muhim jihati sifatida baholamoqda.
Bu holat transport masalasida yaqqol ko‘rinadi. So‘nggi yillarda Yevrosiyoda yangi logistika yo‘laklari shakllanmoqda. Kaspiy dengizi orqali o‘tadigan yo‘nalishlar, Kavkaz loyihalari va Markaziy Osiyoni Yevropa bozori bilan bog‘lashga qaratilgan tashabbuslar xalqaro savdo xaritasini o‘zgartirmoqda. Shu jarayonda O‘zbekistonning geografik joylashuvi yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bir qarashda dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan mamlakatning transport tizimidagi ahamiyatini tushunish qiyin, amalda yurtimiz mintaqadagi barcha davlatlar bilan chegaradosh yagona mamlakat sifatida Markaziy Osiyoning tabiiy transport tugunidir. GFR uchun aynan shu omil muhim, chunki zamonaviy iqtisodiyotda mahsulot ishlab chiqarishdan ko‘ra, tovar harakatlanishi zanjirini nazorat qilish ko‘proq strategik ustunlik beradi.
Yana bir qiziq jihat bor: Germaniyaning o‘lkamizga qiziqishi demografik omil bilan ham chambarchas bog‘liq. Bu haqda rasmiy chiqishlarda deyarli gapirilmaydi. Vaholanki, kelajakda aynan shu masala munosabatlarning muhim yo‘nalishiga aylanishi mumkin.
Germaniya bugun aholining qarishi muammosiga duch kelayotgan davlatlar qatoriga kiradi. Mehnat bozorida malakali kadrlarga ehtiyoj ortmoqda. Ayniqsa muhandislik, axborot texnologiyasi, sanoat va tibbiyot sohalarida kadrlar taqchilligi sezilmoqda.
O‘zbekiston esa butunlay boshqa demografik manzaraga ega. Mamlakat aholisining asosiy qismi yoshlar. Har yili mehnat bozoriga yuz minglab yangi mutaxassis kirib kelmoqda. Ko‘pchilik bu holatni faqat mehnat migratsiyasi nuqtai nazaridan baholaydi. Aslida masalaning mohiyati chuqurroq.
Bugun Germaniya universitetlari, ilmiy markazlari va kasbiy ta’lim muassasalari uchun O‘zbekiston yoshlari istiqbolli inson kapitali sifatida ko‘rilmoqda. Bu kelajakda iqtisodiy hamkorlikdan ham dolzarb ahamiyat kasb etishi mumkin. Zero, zamonaviy dunyoda texnologiya xarid qilish yoki sarmoya jalb qilish mumkindir, malakali inson kapitalini esa qisqa vaqt ichida shakllantirib bo‘lmaydi.
Ayni nuqtada ikki davlat manfaati kesishyapti. Bir tomondan GFRga bilimli va raqobatbardosh kadrlar zarur. Ikkinchi tomondan yurtimiz yoshlar zamonaviy texnologiya va yuqori malakali kasb sohasida tajriba orttirishidan manfaatdor. Shu bois ta’lim sohasi oddiy gumanitar hamkorlik emas, balki kelajak iqtisodiyotini shakllantiruvchi strategik yo‘nalishga aylanmoqda.
Qizig‘i shundaki, munosabatlarning haqiqiy salohiyati hozirgi iqtisodiy ko‘rsatkichda emas, balki kelajak ehtiyojida namoyon. Berlin uchun Toshkent Markaziy Osiyodagi muhim hamkor, O‘zbekiston uchun esa Germaniya Yevropadagi texnologiya, innovatsiya va sanoat madaniyatining muhim manbai. Demak, aloqalarni faqat savdo raqami yoki investitsiya miqdori bilan baholash qiyin.
Germaniya va O‘zbekiston munosabatini tahlil qilishda ko‘pchilikning e’tibori savdo aylanmasi, sarmoya yoki yuqori darajadagi tashriflarga qaratiladi. Albatta, bu muhim jihat, biroq haqiqiy kelajak aksar holatda rasmiy statistikada emas, balki hali to‘liq shakllanib ulgurmagan tendensiyalarda namoyon bo‘ladi. Bugun Toshkent va Berlin o‘rtasidagi aloqalarda ham shunday jarayon kuzatilyapti.
Ayniqsa, Germaniya tashqi siyosatining yangi ustuvorliklari O‘zbekiston uchun kutilmagan imkoniyatlar yaratmoqda. Bu yerda gap faqat iqtisodiyot yoki siyosat haqida emas. Masala dunyo iqtisodiy tizimi qanday o‘zgarayotgani va bu o‘zgarish ikki davlatni qay tarzda bir-biriga yaqinlashtirayotganida.
So‘nggi yillarda Germaniya tashqi iqtisodiy strategiyasida “yashil transformatsiya” tushunchasi markaziy o‘rin egalladi. Ko‘pchilik buni faqat ekologik siyosat sifatida qabul qiladi. Aslida mazkur jarayon XXI asrning eng yirik iqtisodiy yangiliklaridan biri hisoblanadi.
Germaniya sanoati keyingi o‘n yilliklarda energiya manbalari, elektr transport vositalari, raqamli texnologiya va yuqori texnologik ishlab chiqarishga tobora ko‘proq tayanmoqda. Natijada strategik ahamiyatga ega mineral resurslarga talab keskin oshyapti. Ayni nuqtada O‘zbekiston muhim o‘rin egallaydi.
Ko‘p yil davomida Markaziy Osiyo ko‘proq neft, gaz yoki paxta bilan bog‘lab kelindi. Bugun esa butun dunyo nigohida boshqa resurslar turibdi. Kamyob metallar, yuqori texnologiya uchun zarur unsurlar va sanoatning yangi avlodiga xizmat qiluvchi minerallar global raqobat vositasiga aylanmoqda. Mazkur sohada respublikamizning imkoniyati ancha yuqori. Eng qiziq jihat esa resurslarning o‘zi bilan bog‘liq emas.
Germaniyaning haqiqiy qiziqishi xom ashyoni eksport qilishga emas, balki qayta ishlash zanjirini yaratishga qaratilgan. Ya’ni, Berlin uchun kelajakdagi eng muhim masala resurs qayerdan chiqarilgani emas, balki qiymati qayerda oshirilishi.
Agar shu jarayon amaliy natija bersa, O‘zbekiston – Germaniya munosabati shunchaki savdo sherikligidan texnologik hamkorlik bosqichiga o‘tadi. Shu tariqa munosabatda yangi sahifa ochiladi. Ko‘pincha deyarli muhokama qilinmaydigan yana bir jihat borki: Aloqalar kelajagi elchixona yoki vazirliklarda esa, ko‘proq universitetlarda shakllanmoqda. Odatda ta’lim sohasi tashqi siyosatning ikkinchi darajali qismi sifatida qabul qilinadi, ammo tarix boshqacha misollarni ko‘rsatadi.
XX asrda Germaniyaning xalqaro ta’siri faqat iqtisodiy qudrati orqali emas, balki universitetlari, ilmiy maktablari va kasbiy ta’lim tizimi orqali ham kengaygan. Bugun ham mamlakatning eng kuchli “yumshoq kuchi” aynan shu sohalar bilan bog‘liq.
O‘zbekistonda nemis tili, GFR ta’lim tizimi va kasbiy tayyorgarlik uslublariga qiziqish saqlanib qolayotgani tasodif emas. Bu holat ikki davlat munosabatidagi eng barqaror omillardan biridir. Qizig‘i shundaki, iqtisodiy kelishuv o‘zgarishi mumkin, tashqi siyosiy sharoit almashishi mumkin, ammo ta’lim orqali shakllangan inson kapitali o‘nlab yil davomida ta’sir kuchini saqlab qoladi. Shu ma’noda Germaniyaning O‘zbekistondagi eng muhim investitsiyasi zavod yoki korxona emas, balki bilimga kiritilayotgan sarmoya hisoblanadi.
Bugungi kunda yana bir kam muhokama qilinadigan mavzu mavjud. Berlinning Markaziy Osiyoga qiziqishi ortib borar ekan, O‘zbekiston ham endi Germaniya uchun oddiy hamkor emas. Avvallari mintaqaga nisbatan qarashda xavfsizlik, energetika yoki transport masalalari ustun edi, hozir iqtisodiy modernizatsiya va texnologik sheriklik birinchi o‘ringa chiqdi. Bu o‘zgarish GFR respublikamizni tayyor mahsulot sotiladigan bozor emas, sanoat va texnologiya sohasidagi uzoq muddatli hamkor sifatida ko‘ra boshlagani bilan bog‘liq. Aynan shu nuqta munosabat kelajagini belgilab berishi mumkin, chunki xalqaro munosabatda eng mustahkam sheriklik manfaat vaqtincha mos kelganda emas, balki taraqqiyot maqsadi bir-biriga yaqinlashganda shakllanadi.
Bugun Germaniya innovatsiya, yuqori texnologiya va raqobatbardosh sanoat orqali o‘z iqtisodiy qudratini saqlab qolishga intilmoqda. O‘zbekiston esa industrial taraqqiyot, inson kapitali va xalqaro integratsiya orqali yangi bosqichga chiqishni maqsad qilgan. Umumiy maqsadlar ikki davlatni bir-biriga yaqinlashtirmoqda.
Xullas, O‘zbekiston – Germaniya munosabatiga faqat bugungi natija nuqtai nazaridan qarash yetarli emas. Asosiy masala kelajakda qaysi davlat texnologik, intellektual va iqtisodiy sherik sifatida bir-birini to‘ldirishida.
Berlin va Toshkent munosabatlarining eng muhim jihati ham aynan shunda. Bu aloqalar hozirgidan ko‘ra ko‘proq kelajak ehtiyoji asosida shakllanmoqda. Shu sababli mazkur hamkorlikning haqiqiy ahamiyatini bugungi raqamlar emas, balki keyingi o‘n yillikda yuzaga chiqadigan natijalar belgilaydi.
Geografiya nuqtai nazaridan Germaniya va O‘zbekistonni minglab chaqirim masofa ajratib turadi, biroq XXI asr geosiyosatida masofadan ko‘ra manfaat muhimroq. Ayni manfaatlar esa Toshkent va Berlinni tobora yaqinlashtirmoqda. Jarayon hali boshlanish bosqichida. Shunga qaramay, masalaning strategik ahamiyat allaqachon ko‘ringan.
Musulmon Ziyo, O‘zA