Bitiruvchilardan kelajak sari dadil qadam
Samarqand shahrida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun “TalabaExpo – 2026” kasb ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlari agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari va ularning bitiruvchilari, ish beruvchi 300 ga yaqin korxona va tashkilot 2,5 mingdan ortiq ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
Ko‘rgazma ochilishida tashkilotchilar so‘zga chiqib, mazkur tadbir yoshlarning bandligini ta’minlash, to‘g‘ri kasb tanlashlariga ko‘maklashish, shuningdek, ularning istiqbolli g‘oyalarini amalga oshirishlari uchun zarur imkoniyatlar yaratishga qaratilganini ta’kidladi.
[gallery-30216]
– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rgazma oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ularni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish va ish beruvchilar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda, – dedi “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Hoshimov. – Samarqandda 2025-yilda o‘tkazilgan ko‘rgazma ham yuqori saviyada tashkil etilib, 18 ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etgan edi. Bu yili ushbu raqamlar yana ham yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Umuman, bankimiz tomonidan amalga oshirilayotgan “Kelajakka qadam” dasturi minglab talabalarning hayotida yangi davrni boshlab, ularning tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishga katta turtki bermoqda. Mazkur dastur natijasida ikki yildan buyon 6 mingdan ortiq talaba tadbirkorlar safiga qo‘shildi. O‘tgan yili bitiruvchi talabalarning tadbirkorlik loyihalari uchun 400 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lsa, joriy yil boshidan buyon ushbu maqsad uchun 169 milliard so‘mdan ortiq kreditlar ajratildi. Bu yil dastur uchun yo‘naltirilgan resurslarimiz o‘tgan yilgidan ancha ko‘p va bu yana minglab bitiruvchilar uchun katta imkoniyat hisoblanadi.
Ko‘rgazmada “Kelajakka qadam” dasturi imkoniyatlari, biznes loyihalari taqdimotlari, davlat idoralari va tijorat banklari ishtirokidagi bandlik xizmatlari, oliy ta’lim muassasalari taqdimotlari hamda bitiruvchilarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan qator tadbirlar tashkil etildi.
– Bu yil institutimizni 609 nafar talaba bitirmoqda va shu paytgacha ularning 300 nafari doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi, – deydi Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti o‘quv ishlari prorektori Sirojiddin Elmonov. – 36 nafar bitiruvchi o‘z-o‘zini band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 8 nafari yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda. “O‘zmilliybank”ning “Kelajakka qadam” dasturi bo‘yicha o‘tgan yil 14 nafar bitiruvchi talabalarimizga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgandi. Bu yil, hozircha, 9 nafar bitiruvchimizning loyihasi ma’qullanib, kreditlar ajratilmoqda.
Tadbir davomida yoshlar ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish, mehnat bozori va bandlik masalalari bo‘yicha mutaxassislar maslahatlarini olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, yirik korxonalarga sayohat uyushtirilib, bitiruvchilar xodimlarning ish jarayonlari, ular uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari