Germaniya turnirida muvaffaqiyatga erishgan shaxmatchilarimiz munosib kutib olindi
Bugun, 8-aprel kuni erta tongda Germaniyada mukofot jamg‘armasi 285 ming yevrodan iborat “Grenke Chess Festival-2026” turnirida munosib ishtirok etgan shaxmatchilarimiz Toshkent xalqaro aeroportida kutib olindi.
Aytish lozim, dunyoning eng nomdor shaxmatchilari ishtirokida o‘tkazilgan murosasiz bahslarda eng yosh grossmeysterlarimizdan biri Muhammadzohid Suyarov klassik yo‘nalishdagi bahslarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Muhammadzohid nufuzli musobaqaning klassik yo‘nalishidagi bahslarida 3500 dan ortiq ishtirokchi orasida tengsiz bo‘ldi.
Iqtidorli shaxmatchimiz Suyarov 9 ta turdan iborat bahslarning 7 tasida g‘alaba, 2 tasida durang qayd etdi va 8 ochko bilan 1-o‘rinni egallashi ortidan 20 ming yevro miqdoridagi sovrin jamg‘armasiga ega chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, Magnus Karlsen, Vinsent Keymer, Aleksey Sarana, Maksim Vashe-Lagrav, Pranav singari kuchlilar qatnashgan turnirning fristayl yo‘nalishida dona surgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Nodirbek Abdusattorov 7 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 7-o‘rinni, Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidov 6,5 ochko bilan 11 va 18-qatorlarni, Afruza Hamdamova 5 ochko bilan 80-pog‘onani egalladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA