Bugun Toshkentdagi Geologiya fanlari universiteti huzuridagi “Geologiya muzeyi” davlat muassasasiga press-tur tashkil qilindi. Unda Tog‘-kon va geologiya vazirligi mas’ullari, Geologiya fanlari universiteti professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Press-tur davomida muzeyning yangi binosi, u yerdagi eksponatlar, muzey tarixi, ta’limdagi va ilmiy faoliyatdagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Muzey direktori Ahmadjon Ahmadshayev bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni ma’lum qildi:
– Ma’lumki, muzeylar ma’naviyat, ma’rifat va madaniyat markazi sifatida alohida o‘ringa ega. Ayniqsa, xalqimizning qadim tarixini o‘zida mujassam etgan muzeylar – o‘tmish ko‘zgusi sifatida har doim o‘ziga chorlaydi.
Ta’kidlash kerakki, mazkur muzey tarixi 1926 yildan boshlanadi. Dastlab u bir xonani egallagan bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan eksponatlar soni va xonalar soni oshib borgan. Geologlar tomonidan ish jarayonida to‘plangan noyob topilmalar, tog‘ jinslari, minerallar muzey to‘plamlarining asosini tashkil etgan. 1976 yilda Hadra maydonida muzey uchun yangi bino qurilishi rejalashtirilib, 1987 yilda qurib bitkazilgan.
[gallery-22646]
1988 yildan esa muzey “Ilmiy ishlab chiqarish va o‘quv markazi” sifatida faoliyat yuritgan. Unda geologik izlanishlar olib borish, geologiyaga oid mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar va o‘quvchilar uchun mashg‘ulotlar va ekskursiyalar tashkil etilgan. Muzey faoliyati davomida turli xorijiy kompaniyalar, chet ellik olimlar va delegatsiyalar uchun ham tanishuvlar uyushtirilgan. Bu orqali geologiya sohasi yutuqlari va bilimlar ommalashtirib borilgan.
Shu tariqa, bugungi kunda muzeyda maktab o‘quvchilari va talabalarga Yer shari, quyosh sistemasi, vulqonlar, zilzilalar, paleontologiya, ekologiya va tabiiy boyliklar haqida qiziqarli ma’lumotlar berishga qaratilgan ekskursiyalar o‘tkazib kelinmoqda. Yosh avlodni geologiya sohasiga qiziqtirish maqsadida “Yosh geolog” olimpiadalari ham an’anaga aylangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 iyundagi “Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohaning yanada rivojlanishiga poydevor bo‘ldi. Jumladan, ushbu qarorga muvofiq, xalqaro talablarga javob beradigan, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan yangi muzey binosi foydalanishga topshirildi.
Mazkur yangi binoda bugungi zamonaviy talablarga javob beradigan barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ekspozitsiyalar yangi konsepsiya asosida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda muzey xazinasida 50 000 ga yaqin eksponat saqlanmoqda. Ular orasida minerallar, tog‘ jinslari, noyob shliflar va boshqa topilmalar mavjud. Ko‘rgazma zallari binoning 3 qavatida joylashgan. Muzeyda eksponat va kolleksiyalarni saqlash hamda o‘rganish zamonaviy talablar darajasida yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda ilmiy izlanishlar olib borayotgan geologlar, talabalar va maktab o‘quvchilari zarur ma’lumotlarni olishlari mumkin.
Shuningdek, Geologiya muzeyi qator nufuzli xalqaro muassasalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. 2020 yilda ushbu tarixiy maskanimizga “Oliy toifali” muzey maqomi berildi.
Qisqasi, muzey nafaqat ilmiy va ma’rifiy markaz, balki jamoatchilikni tabiiy resurslar haqida xabardor qilish, geologiya sohasiga qiziqish uyg‘otishda ham muhim hisoblanadi. Turli davlatlardan kelgan iqtisodchilar, sarmoyadorlar va siyosiy arboblar bu yerdagi ekspozitsiyalar orqali mamlakatimizning boy tabiiy resurslari haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lmoqda.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.