Gender tenglik: barqaror rivojlanishning asosi
Andijon davlat pedagogika institutida “Gender tengligi – barqaror rivojlanish asoslaridan biri” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoshidagi Fuqarolik jamiyatlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti asosida “Iqbol” gazetasi tahririyati hamda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida o‘tkazilgan seminarda loyiha tashkilotchilari, ekspertlar, institut professor-o‘qituvchilar, talabalar, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Guldona G‘aniyeva va boshqalar tomonidan mamlakatimizda, xususan, viloyatda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
– “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 25-maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ularning siyosiy va iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar o‘z ifodasini topgan, – deydi institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi, loyiha treneri Guldona G‘aniyeva. – Mazkur loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, o‘tkazilayotgan tadbirlar viloyatda ana shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga ma’lum darajada hissa qo‘shadi.
Seminarda tashkilotchilar tomonidan loyihaning ahamiyati, mazmun-mohiyati, loyiha doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar, hamkorlik haqida ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng Andijon davlat pedagogika instituti dotsentlari Nasibaxon Abdullayeva, Nigoraxon Qodirovaning mavzu doirasidagi ma’ruzalari tinglandi. Talabalar ma’ruzalar yuzasidan o‘tkazilgan savol-javoblarda faol qatnashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.
[gallery-28130]
Ishtirokchilar tomonidan gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, oilaviy tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Seminar ishtirokchilariga loyiha doirasida chop etilgan gazeta nusxalari, mavzuga oid bukletlar tarqatildi, bir guruh faol ishtirokchilar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.