Tibbiyot institutda seminar
Andijon davlat tibbiyot institutida “Gender tengligi – barqaror rivojlanish asoslaridan biri” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoshidagi Fuqarolik jamiyatlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti asosida viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda “Iqbol” gazetasi tahririyati hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida o‘tkazilgan seminarda loyiha tashkilotchilari, ekspertlar, institut professor-o‘qituvchilar, talabalar, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Seminarda so‘z olgan institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Gulhayo Xolmatova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Vosit Ahmad va boshqalar bugungi kunda gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va rolini mustahkamlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirdi.
– “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 25-maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ularning siyosiy va iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar o‘z ifodasini topgan, – deydi institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Gulhayo Xolmatova. – Mazkur loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, o‘tkazilayotgan tadbirlar viloyatda ana shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga hissa qo‘shadi.
[gallery-28385]
Andijon davlat tibbiyot instituti Gospital terapiya va endokrinologiya kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori Shahnoza Yusupovaning “Gender tengligining huquqiy asoslari” mavzusidagi ma’ruzasi ham tinglandi.
Ishtirokchilar ma’ruza yuzasidan gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, oilaviy tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirdi.
Seminarda faol qatnashgan bir guruh talabalar tashkilotchilarning tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.