Gender byudjetlashtirish mexanizmlari qanday ishlaydi?
Mamlakatimizda gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bu borada byudjet jarayonlariga gender yondashuvlarni joriy etish natijasida ijtimoiy adolatni ta’minlash, davlat xarajatlarining samaradorligini oshirish hamda aholi manfaatlarini to‘liq inobatga olish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun Toshkentda “O‘zbekistonda genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirishni samarali joriy etish uchun qonunchilik islohotlarini takomillashtirish” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida shu masalalar atroflicha muhokama etildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda tegishli vazirlik va idoralar ishtirok etdi.
Unda Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova, iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Gulnora Rahimova va boshqalar jamiyatda xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida tenglikni ta’minlash barqaror taraqqiyotning muhim shartlaridan biri ekaniga alohida urg‘u berdi.
[gallery-28602]
Ta’kidlanganidek, bu jarayonda gender tengsizlikni qisqartirish, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish dolzarb vazifa hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq, davlat va mahalliy byudjet loyihalarini ishlab chiqishda gender jihatlarni hisobga olish, ularni maxsus ekspertizadan o‘tkazish hamda genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirishni bosqichma-bosqich joriy etish vazifalari belgilab qo‘yilgan.
Gulnora Rahimovaning so‘zlariga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mazkur yo‘nalishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik ishlari izchil amalga oshirilmoqda.
– Shu ma’noda aytish kerakki, gender tengligini ta’minlash tushunchasining asosiy mohiyati byudjet jarayonida faqat xotin-qizlarga qancha mablag‘ ajratish bilan cheklanmaydi. U, avvalo, inson manfaati, turmush tarzi va farovonligini oshirishga qaratilgan adolatli byudjetlashtirish tizimini joriy etishni anglatadi. Shu nuqtai nazardan, genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, barcha qatlam vakillarining ehtiyojlarini hisobga olish bilan bevosita bog‘liq. Bu jarayonda davlat moliyasini boshqarish tizimiga gender yondashuvlarni tatbiq etish alohida ahamiyat kasb etadi.
Chunki mazkur mexanizm barqaror rivojlanish tamoyillariga mos ravishda amalga oshirilib, jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlashga xizmat qiladi. Respublikamizda gender tenglikni ta’minlash masalasiga tobora katta e’tibor qaratilayotgani ham bejiz emas. Bu borada qabul qilinayotgan huquqiy-me’yoriy hujjatlar xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda, –dedi G.Rahimova.
Davra suhbatida mutaxassislar genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirishning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ularning fikriga ko‘ra, gender byudjetlashtirish mexanizmlari davlat byudjeti mablag‘larini faqat miqdor asosida taqsimlash emas, balki xotin-qizlar va erkaklarning ehtiyojlari hamda manfaatlarini hisobga olishga qaratilgan zamonaviy tizimdir.
Tadbir yakunida genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirishni bosqichma-bosqich joriy etish byudjet jarayonlarida xotin-qizlar va erkaklarning manfaat va ehtiyojlarini to‘liq hisobga olish, parlament nazoratini kuchaytirish hamda gender tengligini ta’minlash bo‘yicha milliy majburiyatlarni samarali amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Shuningdek, interaktiv muhokamalar so‘ngida qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA