Markaziy bankda tijorat banklari Gender tenglik kengashlari uchun seminar o‘tkazmoqda
2026-yil 22–24-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan hamkorlikda tijorat banklari Gender tenglik kengashlari uchun seminar tashkil etilmoqda.
“Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida bo‘lib o‘tayotgan tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bank tizimida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan institutsional mexanizmlarni mustahkamlashdir. Shuningdek, tijorat banklaridagi Gender tenglik kengashlari ish samaradorligini oshirish va sohaga gender tenglik tamoyillarini izchil joriy etish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Seminarda Markaziy bank, tijorat banklari, tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar hamda rivojlanish bo‘yicha hamkor tuzilmalar vakillari ishtirok etmoqda.
Anjuman davomida bank-moliya tizimida gender tenglikni ta’minlashning zamonaviy yondashuvlari, kengashlar faoliyatining tashkiliy-huquqiy va uslubiy asoslarini takomillashtirish hamda ularning institutsional boshqaruvdagi rolini kuchaytirish masalalari muhokama qilinmoqda.
[gallery-28915]
Xususan, ish joylarida teng imkoniyatlar yaratish, xotin-qizlarning kasbiy va rahbarlik salohiyatini rivojlantirish, mehnat muhitini yaxshilash hamda gender ko‘rsatkichlarini monitoring qilishning zamonaviy usullarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, Markaziy bank moliya sektorida inklyuziv boshqaruv amaliyotlarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Mazkur seminar ham bank tizimida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga, adolatli mehnat muhiti va barqaror institutsional rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Markaziy bank ushbu yo‘nalishda Osiyo taraqqiyot banki bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni yuqori baholaydi. Bu kabi qo‘shma loyihalar xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish hamda bank sektorida ayollar liderligini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zA