“Gastro Marketplace” va “Tourist Friendly Restaurant” loyihalari taqdimoti o‘tkazildi
27-sentabr – Butunjahon turizm kuni
Bir mamlakatga sayohat qilish shunchaki yangi manzilni ko‘rish emas. Bu boshqa xalqning tarixi, madaniyati, urf-odati va hayot tarzi bilan tanishish, turli qarash va qadriyatlarni anglash imkoniyatidir. Shu ma’noda turizm bugun iqtisodiyotning muhim tarmog‘i bo‘lish bilan birga, xalqlar o‘rtasidagi muloqot va hamjihatlikni kuchaytiruvchi muhim vositaga aylangan. Har yili 27-sentabr kuni dunyo mamlakatlarida Butunjahon turizm kuni nishonlanadi. Ushbu sana turizmning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotdagi ahamiyatiga e’tibor qaratish, sohaning taraqqiyotdagi o‘rnini keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi.
Xo‘sh, nega aynan nega aynan 27-sentabr?
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu sana turizm sohasi uchun muhim tarixiy voqea bilan bog‘liq. 1970-yil 27-sentabrda Jahon turizm tashkiloti ustavi qabul qilingan. Keyinchalik aynan shu sana Butunjahon turizm kuni sifatida belgilanib, 1980-yildan boshlab har yili nishonlana boshlagan. Shu tariqa 27-sentabr turizm sohasidagi mutaxassislar, tadbirkorlar, mehmondo‘stlik industriyasi va sayohat ixlosmandlarini bir maqsad atrofida birlashtiradigan xalqaro sanaga aylangan.
Butunjahon turizm kuni munosabati bilan Toshkent shahrida turizm sohasi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari, tadbirkorlar, soha faxriylari hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sh.Asadov Prezident Shavkat Mirziyoyevning turizm sohasi vakillariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Davlat rahbarining tabrigida ochiqlik siyosati, viza tartibining soddalashtirilishi, transport va mehmonxona infratuzilmasining kengayishi turizm rivojiga kuchli turtki bergani ta’kidlangan. Jumladan, 2025-yilda yurtimizga qariyb 12 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgani, bu yutuqlar zamirida sohada mehnat qilayotgan minglab insonlarning mashaqqatli mehnati turgani qayd etilgan.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan Prezident qutlovida ilgari surilgan soha xodimlari mehnatini munosib e’tirof etish uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan turizm xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish taklifi katta olqishlar bilan kutib olindi.

Tadbirda aytib o‘tilganidek, 2030-yilga qadar xorijiy sayyohlar sonini 20 million nafarga yetkazish, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga oshirish, turizm xizmatlari eksportini 8 milliard dollardan ziyodga yetkazish kabi yuksak marralar sohada faoliyat yuritayotgan barcha mutasaddi va mutaxassislardan yangicha yondashuv, tashabbuskorlik va yuksak mas’uliyatni talab etadi. Shu ma’noda, turizm sohasida mehnat qilayotgan fidoyi insonlarning tashabbuslari, kasbiy mahorati va amaliy hissasini e’tirof etish muhim ahamiyat kasb etadi. Tadbir doirasida ana shunday faol mutaxassislar, davlat organlari xodimlari, jamoat tashkilotlari, tadbirkorlar, ijtimoiy soha vakillariga “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, turizm sohasida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar va tashabbuslar ham namoyish etildi. Jumladan, Turizm qo‘mitasi, “Hunarmand” uyushmasi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan “Uzbek Gift Contest” respublika suvenir mahsulotlari tanlovining birinchi bosqichi yakunlari sarhisob qilindi. Tanlovga 600 dan ortiq ish kelib tushgan bo‘lib, hakamlar hay’ati tomonidan yog‘och, suyak va tosh o‘ymakorligi, kashtachilik, zargarlik, milliy qo‘g‘irchoqlar va to‘qimachilik yo‘nalishlarida 10 nafar eng yaxshi ijodkor aniqlandi va mukofotlandi.

Tadbir doirasida gastronomik turizmni rivojlantirishga qaratilgan “Gastro Marketplace” va “Tourist Friendly Restaurant” maxsus loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur tashabbuslar xizmat ko‘rsatish standartlarini yanada takomillashtirish, milliy taomlarni xalqaro auditoriyaga keng targ‘ib qilish hamda O‘zbekistonning gastronomik salohiyatini turistik mahsulot sifatida rivojlantirishga qaratilgan.
Tadbirning madaniy qismida “Omadli mehmon” interaktiv viktorinasi tashkil etilib, g‘oliblarga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun turistik yo‘llanmalar topshirildi. Bayram dasturi mamlakatimizning taniqli xonandalari ishtirokidagi gala-konsert bilan yakunlandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA