G‘alaba shukuhi, ehtirom va e’tirof
Markaziy harbiy okrugning Kattaqo‘rg‘on umumqo‘shin dala-o‘quv maydonida “Men g‘olib” shiori ostida o‘tkazilgan “Eng ilg‘or artilleriya guruhi” ko‘rik-tanlovida birinchi o‘rinni egallagan Jizzax garnizoni harbiy xizmatchilari tantanali kutib olindi.
Jizzax shahrida tashkil etilgan tantanali marosimda g‘olib harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi, kasbiy mahorati va jamoaviy hamjihatligi alohida e’tirof etildi.
Tadbirda harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda ularning oila a’zolariga ham hurmat-ehtirom ko‘rsatildi. Vatan himoyasiga munosib farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgani, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun bir guruh ota-onalar “Harbiy xizmatchining ota-onasi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
— Bu g‘alaba bir necha oylik tinimsiz tayyorgarlik, jamoaviy hamjihatlik va yuksak jangovar mahorat samarasidir, - deydi tanlov g‘olibi, katta leytenant Abdujalil Tojimamatov. — Musobaqa davomida har bir topshiriqni aniq va tezkor bajarish, belgilangan nishonlarni birinchi urinishdayoq yakson qilish asosiy mezonlardan bo‘ldi. Jamoamizning puxta tayyorgarligi va ahil harakati tufayli shohsupaning eng yuqori pog‘onasini egalladik. Bugungi tantanada ota-onalarimizga ko‘rsatilgan ehtirom esa bizga yanada katta g‘urur va mas’uliyat bag‘ishladi. Bundan buyon ham Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida bor kuch va salohiyatimizni safarbar etamiz.
Tantanali kutib olish marosimi viloyat madaniyat boshqarmasi san’atkorlari hamda harbiy orkestr ijrosidagi vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.
[gallery-32053]
Mazkur tadbir harbiy xizmatchilarning kasbiy mahorati va jangovar shayligini rag‘batlantirish, shaxsiy tarkib o‘rtasida hamjihatlik, Vatanga sadoqat va faxr-iftixor tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA