Ğalaba ildizi — iroda va maʼnaviy uyğoqlik
Har bir buyuk ğalabaning ildizi iroda va maʼnaviy uyğoqlikka borib taqaladi. Gohida birgina samimiy kalom, yurakdan çiqqan hayotiy ögit butun bir avlodning qalbiga maşʼala yoqişi, uning kelajak yölini çaroğon etişi mumkin. Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyevning Iordaniyaga davlat taşrifi çoğida samolyot bortida suyukli nabirasi Şavkatbekka bitgan maktubi ana şunday yuksak tarbiyaviy va maʼnaviy qudratga ega tarixiy murojaat böldi.
Bu bitik şunçaki oilaviy xotira yoki köngil izhori emas, balki katta hayot ostonasida turgan bugungi Özbekiston yoşlariga, xususan, sport taʼlimi muassasalarida tahsil olayotgan talaba-yoşlar, bölajak murabbiylar, sport menejerlari va olimpiadaçilarga qaratilgan teran falsafiy daʼvat, Vatan va burç oldidagi masʼuliyat saboğidir.
Maktubdagi: «Nega Siz doim uzoq safarlarga ketasiz?» degan bolalarça beğubor va samimiy savol ortida davlat rahbarining zimmasidagi ulkan masʼuliyat hamda xalq oldidagi yuksak burç mujassam. Öquv-maşğulot yiğinlari, nufuzli xalqaro turnir va musobaqalar tufayli yilning aksariyat qismini safarlarda ötkazadigan, jahon arenalarida yurtimiz şaʼnini munosib himoya qilayotgan yoş sportçilar va talabalar uçun uşbu satrlar ayniqsa yaqin va qadrlidir. Zero, har bir xalqaro start, har bir safar va şohsupadagi har bir ğalaba ortida tinimsiz mehnat, qatʼiy intizom, oila va yaqinlar bilan vaqtinçalik ayriliq hamda el-yurt oldidagi yuksak javobgarlik turadi.
Maşaqqatli mehnatdan — keng imkoniyatlar sari
Davlatimiz rahbari maktubda öz bolalik yillaridagi oğir sinovlarni — yozning jaziramasida ğöza çopiş, kuz va qişning izğirin sovuq kunlarida paxta teriş kabi maşaqqatlarni yodga olar ekan, bugungi yoşlarning barça qulay şaroitlarda bilim olişi va öz salohiyatini tölaqonli röyobga çiqarişi eng katta yutuq va bebaho neʼmat ekanini alohida taʼkidlaydi.
Sport sohasida kamol topayotgan yoşlar uçun bu fikrlar nihoyatda çuqur maʼno kasb etadi. Bugun yurtimizda sport taʼlimi va olimpiya harakatini tizimli rivojlantiriş, seleksiya işlarini takomillaştiriş hamda bosqiçma-bosqiç tayyorgarlik vertikalini mustahkamlaşga davlat siyosati darajasida ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Toşkentda bunyod etilgan zamonaviy Olimpiya şaharçasi — köp tarmoqli sport arenalari, velodrom, tibbiyot va ilmiy-amaliy markazlarni özida mujassam etgan yirik majmua mamlakatimiz sporti taraqqiyotida yangi sahifa oçdi. Şu bilan birga, mahallalardan tortib tuman, şahar va respublika bosqiçlarigaça qamrab oluvçi «Yangi Özbekiston Olimpiya çöqqilari» hamda «Prezident Olimpiadasi» kabi keng kölamli musobaqalar, şuningdek, sport maktablari va oliy taʼlim dargohlaridagi yangilanişlar isteʼdodli yoşlarni kaşf etişga xizmat qilmoqda.
Keçagi avlodning oğir dala mehnati evaziga erişilgan tinçlik va taraqqiyot bugun şinam sport zallari, zamonaviy arenalar, ilmiy-uslubiy laboratoriyalar va öquv auditoriyalarida — Yangi Özbekiston yoşlarining porloq ğalabalari uçun mustahkam poydevor vazifasini ötamoqda. Talaba-yoşlarning bugungi muqaddas burçi ana şu imkoniyatlar qadriga yetib, har bir kunni yuksak natijalar sari yönaltirişdir.
Bölajak çempionlar va mutaxassislar uçun hayotiy ögitlar
Maktubda ilgari surilgan hayotiy tamoyillar sport va jismoniy tarbiya yönalişidagi talabalarning kundalik faoliyati, maşğulot jarayoni hamda kelgusi kasbiy kamoloti uçun dasturilamal bölib xizmat qiladi:
Vaqt qadri: Sportda soniyaning uluşlari ğolib nomini hal qilganidek, hayot, taʼlim va maşğulotlarda ham har bir lahzani ğanimat biliş şart. Ortga qaytib bölmaydigan eng bebaho boylik — bu vaqtdir.
Ilm va xorijiy tillar: Zamonaviy murabbiy, sport menejeri, şarhlovçi yoki soha tadqiqotçisi faqat jismoniy tayyorgarlikka emas, balki çuqur nazariy bilim, ilğor ilmiy yangiliklar va xorijiy tillarni puxta egallaşga tayanişi lozim. Xalqaro musobaqalar, nufuzli anjumanlar va sport diplomatiyasida til biliş yoş mutaxassisga ulkan ustunlik beradi.
Masʼuliyat va intizom: Boşlangan har bir işni oxiriga yetkaziş, maşğulot va öqiş tartibiga qatʼiy rioya qiliş, bugungi vazifani ertaga qoldirmaslik yuksak marralar garovidir. Izçillik va temir intizom tasodifiy omad örnini barqaror ğalabalarga böşatib beradi.
Iroda va matonat: Sport maydonida kutilmagan mağlubiyat, jarohat yoki oğir sinovlar uçrab turişi tabiiy. Maktubdagi qiyinçilik qarşisida sinmaslik, tuşkunlikka berilmaslik, sabr va metin iroda bilan yana oyoqqa tura oliş haqidagi ögit har bir sportçi uçun çinakam ruhiy tayançdir.
Halol mehnat: Ğalabaga faqat halol kuraş, peşona teri va vijdonan yondaşuv orqali erişiş sportning asl falsafasiga, adolat va poklik tamoyillariga töla hamohangdir.
Vatan va davlat ramzlariga sadoqat: Jahon arenalarida şohsupaga kötarilganda, Davlat bayroğimiz sarbaland hilpirab, Madhiyamiz yangragan lahzalarda sportçi qalbida jöş uradigan iftixor tuyğusi maktubda tarannum etilgan yurtga sadoqat ruhini yanada teranlaştiradi. Olis yurtlarda Vatan soğinçi dilni örtaganda, milliy ğururimiz timsoli bölgan bayroğimizga boqiş har bir yurtdoşimizga çeksiz kuç bağişlaydi.
Yuksak odamiylik: Kuçli, tezkor va matonatli böliş bilan birga, har qanday vaziyatda mard, kamtar, halol va olijanob inson bölib qoliş haqiqiy çempion va ziyoli mutaxassisga xos eng oliy fazilatdir.
Yangi ğalabalarga çorlovçi maʼnaviy mayoq
Yurtboşimizning: «Xalqim tunda osuda uxlaşi uçun ham men har doim bedor bölmoğim kerak, axir!» degan yurak sözlari el-yurt farovonligi va Vatan tinçligi yölidagi buyuk fidoyilikning yorqin ifodasidir. Uşbu samimiy eʼtirof zamirida davlat rahbarining mamlakatimiz yoşlariga bölgan çeksiz işonçi, ularning ertangi kuniga qaratilgan uluğ umidlari mujassam.
Ana şu yuksak işonçga munosib javob beriş — bugungi avlodning şarafli burçidir. Sport yönalişida tahsil olayotgan har bir talaba öz ustida tinimsiz izlanişi, ona tilimiz sofligini asragan holda xorijiy tillarni mukammal örganişi, sport nazariyasi, metodikasi va zamonaviy ilm-fan yutuqlarini çuqur özlaştirişi zarur.
Zero, bobolik mehri va davlat rahbarining otalarça ğamxörligi yöğrilgan uşbu maktub bugun har bir yoş qalbida Vatan oldidagi masʼuliyat, bukilmas matonat va Yangi Özbekiston bayroğini jahon uzra yanada baland kötarişdek muqaddas maqsadni alangalatmoqda. Bu ögitlar ertangi kun çempionlarini yangi zafarlar sari yetaklaydigan sönmas maʼnaviy mayoq bölib qolaveradi.
Nodir Ğafforov,
ÖzDJTSU sport psixologiyasi
pedagogika va tillar kafedrasi professori,
Mohira Hayitova katta öqituvçi