Futzal: Yangi mavsumning yangi chempionati boshlanmoqda
Bugun, 5-sentabr kuni futzal bo‘yicha O‘zbekiston XXX milliy chempionati bahslariga start beriladi.
Yangi mavsumning yangi maqsadlari-yu chempionlik poygasini boshlab berayotgan milliy chempionatning 1-tur uchrashuvlari Jizzax shahridagi viloyat futbol akademiyasi sport zalida bo‘lib o‘tadi.
Oliy liga bahslarida 12 ta jamoa uch davra va 12 ta tur davomida chempionlik uchun kurash olib boradi.

Futzal muxlislari mavsum davomida 198 ta qiziqarli va murosasiz uchrashuvdan zavq oladi. Reglamentga ko‘ra, jamoalar uch davra davomida 12 ta turda bahs olib boradi.
Mamlakatimizning eng kuchli 12 ta futzal jamoalari bitta maqsad — chempionlik sari uzoq, mashaqqatli va murosasiz bahslarga kirishadi.

Aytish lozim, mavsum davomida futzal ishqibozlarini bir qator yangiliklar kutmoqda. Klublar safiga yangi legionerlar qo‘shildi, xorijlik futzalchilar geografiyasi kengaydi. Shuningdek, jamoalar tarkibida yoshlar va o‘smirlar terma jamoalarimizga nomzod iqtidorli futzalchilar soni ham ortdi.
Bugun o‘tkaziladigan 1-tur o‘yinlarida Toshkent viloyatining "Maksam-Chirchiq” jamoasi Farg‘onaning “Neftchi” futzalchilari bilan bahs olib boradi.
Toshkentning “SQB” jamoasi esa Oliy liga karvoniga qo‘shilgan Urganchning “Xorazm” futzalchilari bilan to‘qnash kelsa, Buxoroning “Nurafshon” va Navoiyning “Zarafshon” jamoalari o‘rtasidagi qiziqarli qarama-qarshilik 1-turning birinchi kungi o‘yinlariga yakun yasaydi.
Eslatib o‘tamiz, 1-tur o‘yinlari 10-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA