Futzal: mamlakat chempionatining g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi
Futzal muxlislariga bir olam zavq bag‘ishlagan XXIX milliy chempionatning 2025/2026-yilgi mavsumi so‘nggi 12-tur o‘yinlaridan so‘ng Oliy liga bahslari yakuniga ko‘ra chempionlikka erishgan va sovrindorlik maqomiga ko‘tarilgan jamoalar, mavsumning eng yaxshi futzalchilari, o‘ziga xos natija qayd etgan murabbiy va mutaxassislar O‘zbekiston futzal federatsiyasi tomonidan taqdirlandi.
Marosimda ishtirok etgan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, O‘zbekiston futzal federatsiyasi raisi Bekzod Mamatqulov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi Avaz Maxsumov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov va boshqalar chempionat har jihatdan qiziqarli kechganini, mavsum ming-minglab yoshlarni ommaviy sport harakati bilan qamrab olinishida muhim ahamiyat kasb etganini e’tirof etishdi.
Ta’kidlanganidek, bu yilgi 12 ta turdan iborat Oliy liga bahslarining har bir turi joylarda tashkil etilgani, o‘yinlar mundarijasi professional tarzda belgilangani futzal mavsumi nafaqat jamoalar, balki hududlarda ushbu sport turining ommalashishiga, joylarda futzal infratuzilmasi yaxshilanishiga salmoqli ta’sir ko‘rsatdi.
Oliy liga o‘yinlari yakuniga ko‘ra, ketma-ket to‘rtta mavsumdan buyon yetakchilikni qo‘ldan boy bermay kelayotgan Jizzaxning “BMB PFC” jamoasi 90 ochko bilan bu yil ham chempionlik maqomiga muddatidan oldin ko‘tarildi.
Jizzaxliklarga chempionatning oltin medallari, birinchi darajali diplom va 500 000 000 so‘mlik mukofot sertifikati topshirildi.
Oliy liga debyutanti bo‘lishiga qaramasdan mavsumni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazib, 33 uchrashuvda 74 ochko jamg‘argan va ikkinchi o‘rinni egallagan SQB chempionatning kumush medallari, ikkinchi darajali diplom va 350 000 000 so‘m mukofotga loyiq ko‘rildi. Chempionatda 33 uchrashuvda 68 ochko jamg‘arib, 3-o‘rinni egallagan Buxoroning “Oil Star” jamoasi 3-darajali diplom va 200 000 000 so‘m miqdoridagi mukofot egasiga aylandi.
Shuningdek, ko‘p yillar O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqargan, turli jamoalarda o‘yinchi, murabbiy sifatida faoliyat ko‘rsatgan ayni paytda "Maksam-Chirchiq" jamoasida iqtidorli yoshlarni tarbiyalab kelayotgan Bahodir Ahmedov “Eng yaxshi murabbiy”, Jizzax jamoasi futbolchisi Alex Dias da Silva “Eng yaxshi o‘yinchi”, Akmal Hazratqulov (“Maksam-Chirchiq”) “Eng yaxshi darvozabon”, Elbek To‘lqinov va Hebbert Oliveira Bolt “Eng yaxshi to‘purar” sovrinlariga ega chiqdi.
Bir nechta yo‘nalishlar bo‘yicha ham sovrindorlar aniqlandi.
T.Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov (surat), O‘zA