Jahon chempionati nafaqat futbolning eng yirik musobaqasi, balki global sport voqeasi hisoblanadi. Har to‘rt yilda bir marta tashkil etiladigan bu turnir millionlab insonlarning e’tiborini tortadi, mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi va iqtisodiy jihatdan katta daromad keltiradi.
Turnir mezbon davlatlar uchun infratuzilma rivojiga turtki bo‘lib, turizm sohasini jonlantiradi. Futbolchilar uchun esa maydonda o‘zini ko‘rsatish va tarixda qolish imkoniyatini yaratadi.
Futbol bo‘yicha o‘tgan jahon chempionatlari unutilmas lahzalari va qahramonlari bilan hamisha esga olinadi. Masalan, 1950 yilgi mundialda Urugvay finalda mezbon Braziliyani mag‘lub etib, kutilmagan g‘alabaga erishgan edi. 1986 yil Meksikada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida Diyego Maradona o‘zining “asr goli” bilan millionlar o‘yini kitobiga o‘z nomini muhrlagan. 1998 yil Fransiya Braziliyani finalda mag‘lub etib, ilk bor chempionlikka erishgani, 2014 yil Germaniya yarim finalda Braziliyani 7:1 hisobida yengib, finalda Argentinani g‘oliblikdan mosuvo etgani yashil maydon jozibasini yanada oshirgan.

Dunyo futbolida tarix yaratgan Pele, Zidan, Roberto Karlos, Lionel Messi, Muhammad Salah, Krishtianu Ronaldu kabi futbolchilardek bo‘lish orzusi bilan yashayotganlar Yer kurrasida ko‘plab topiladi. Qalbi bunday istakka limmo-lim yoshlar yurtimizda ham ko‘pki, bu, futbolga qiziquvchilar safi yildan-yilga ortib borayotganida ham o‘z aksini topgan.
Xo‘sh, kelgusi yilgi Jahon chempionati futbol ishqibozlariga qanday voqeliklarni hozirlab qo‘ygan? Yillar davomida katta umidlar bilan yashayotgan o‘zbek muxlislari milliy terma jamoamizni AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida ko‘ra oladimi?
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Jahon chempionati ishtirokchi jamoalari sonini 32 tadan 48 taga oshirgani ko‘pgina milliy terma jamoalar singari O‘zbekiston futboli uchun ham o‘ziga xos imkoniyatlar eshigini ochdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
2026 yilning 11 iyunidan 19 iyuligacha davom etadigan “katta futbol spektakli”da jamoalar 16 guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Har bir guruhda 3 jamoa qatnashib, ulardan 2 tasi keyingi bosqichga yo‘l oladi. Bu shakl pley-off o‘yinlarining yanada shiddatli va hayajonli kechishini ta’minlashi shubhasiz.

Osiyo futbol konfederatsiyasiga a’zo mamlakatlar uchun FIFA Jahon chempionati saralashi bir necha bosqichdan iborat bo‘lib, har bir bosqich futbol jamoalari uchun muhim sinov hisoblanadi.
Amerika qit’asining uchta mamlakatida bo‘ladigan Jahon chempionati Osiyo qit’asi uchun tarixiy bo‘lishi kutilmoqda. Sababi, oldingi musobaqalarda qit’aga atigi 4,5 yoki 5,5 ta kvota ajratilgan bo‘lsa, bu safar Osiyodan 8+1 ta jamoa mundialga yo‘llanma olishi mumkin.
Osiyo qit’asidan Jahon chempionatiga chiqish uchun 5 bosqichli saralash tizimi joriy etilgan bo‘lib, dastlabki saralash bosqichida FIFA reytingida eng quyi o‘rinlarni egallagan 20 ta jamoa ishtirok etadi. G‘olib bo‘lgan 10 ta jamoa keyingi bosqichga yo‘l oladi.
Saralashning keyingi bosqichida 36 ta jamoa qatnashadi. Ushbu jamoalar 9 ta guruhga bo‘linadi. Guruhlarda har bir jamoa 6 ta o‘yin o‘tkazadi va 2 ta eng yaxshi jamoa keyingi bosqichga chiqadi. Keyingi bosqichga yetib kelgan 18 ta jamoa 3 ta guruhga bo‘linadi va jamoalar o‘z guruhida jami 10 ta o‘yin o‘tkazadi. Har bir guruhdan 2 ta eng kuchli jamoa bevosita “JCH-2026” yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Bu, 6 ta jamoaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri mundialga chiqishiga olib kelsa, o‘z guruhlarida 3 va 4-o‘rinni egallagan 6 ta jamoa 4-bosqichda kurashga kirishadi.
Aytish lozim, Osiyo qit’asi 4-bosqich bahslari qo‘shimcha saralash tizimi bo‘lib, 6 ta jamoa 2 ta guruhda “JCH-2026” uchun mo‘ljallangan 2 ta yo‘llanma uchun bahs yuritadi. Osiyo futbol jamoalari uchun “JCH-2026”ga chiqishning so‘nggi qit’alararo pley-off bosqichi sanaladi. Unda 4-bosqichda 2-o‘rinni egallagan 2 ta jamoa mundialning yagona chiptasi uchun ro‘baro‘ keladi.
2026 yilgi Jahon chempionatiga yo‘l olgan orzular karvoni allaqachon harakatga tushgan va O‘zbekiston milliy terma jamoasi ushbu yo‘lda qat’iyat bilan harakat qilmoqda. Osiyo saralash bosqichining hal qiluvchi pallasi – uchinchi bosqichda yurtdoshlarimiz tarixiy yo‘llanma uchun kurashni davom ettirmoqda.
Saralashning ikkinchi bosqichida ishonchli o‘yinlar orqali o‘z kuchini namoyon qilgan O‘zbekiston terma jamoasi, bu bosqichda jahon arenasi sari yetaklovchi “A” guruhida Eron, Qatar, BAA, Qirg‘iziston va Shimoliy Koreya kabi raqiblar bilan bahs yuritmoqda. Raqobat kuchli. Guruhning faqat dastlabki ikki pog‘onasidan joy olgan jamoalar mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hali Jahon chempionatida qatnashmagan. Ammo, bu safar Osiyo uchun ajratilgan kvotalar soni ortishi imkoniyatlarimizni istaklarimizga mos keltirayotgandek, go‘yo.
Shunday vaziyatda hozircha Eron terma jamoasi guruh yetakchisi sifatida chempionat yo‘llanmasini har jihatdan rasmiylashtirib bo‘ldi. Haqiqiy dramatizm guruhda 2-o‘rinda borayotgan O‘zbekiston atrofida jamlangan. O‘zbekiston ilk bor mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga yaqin. Lekin jamoamizni ta’qib etayotgan BAA hali ikkinchi yo‘llanmadan umidini uzmagan.
Shunday o‘ziga xos kurashlar ostonasida terma jamoamiz futbolchilari, xususan Abbosbek Fayzullayevning hal qiluvchi gollari, Hojiakbar Alijonovning qat’iyati, Otabek Shukurovning penaltilar ortidagi mas’uliyati, Shomurodovning ishonchli harakati okean ortiga katta orzular bilan tikilgan millionlab qora ko‘zlarga quvonch bag‘ishlashiga ishongimiz keladi.
Terma jamoamiz Eron bilan durang, BAA va Shimoliy Koreya ustidan g‘alaba, Qatar bilan shiddatli bahsda 2:3 hisobidagi alamli mag‘lubiyat bilan maydonni tark etgan bo‘lishsa-da, omad yo‘lagining kirish eshigida yetakchi.
Terma jamoamizni oldinda ikkita muhim uchrashuv kutmoqda. Biri 5 iyun kuni BAAga qarshi mehmonda, ikkinchisi 10 iyunda Eronga qarshi Toshkentda bo‘ladigan bahslar. BAAga qarshi bellashuv murakkab bo‘lishi tayin. Bu o‘yin ko‘plab jihatlar bilan hal qiluvchi hisoblanadi.
Tarixga nazar tashlasak, O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoalari o‘zaro 16 bor ro‘baro‘ kelgan. Ushbu bahslarning 7 tasida BAA, 5 tasida O‘zbekiston g‘alaba qozongan, 4 ta uchrashuvda murosa yo‘li tanlangan.
Qatar terma jamoasi bilan o‘tgan yillar davomida 16 ta bahs o‘tkazilgan bo‘lib, uning 9 tasida O‘zbekiston, 4 o‘yinda qatarliklar zafar quchgan. 3 ta uchrashuvda durang qayd etilgan.
Aytish lozim, BAA har doim kuchli jamoa sifatida xavfli sanaladi. Ular katta yo‘l ostonasida barchasini o‘zgartirishga intiladi. O‘zbekiston muxlislari uchun esa ikkita o‘yindagi natija nafaqat futbol, balki umid, orzu va Vatan tuyg‘usining birlashish nuqtasi bo‘lishi bilan ahamiyatli.
G‘urur, or, Vatan sha’ni uchun kechadigan ushbu o‘yinlardagi har bir harakat, daqiqa, barcha-barchasi bizni O‘zbekiston futbolining yangi zarvarag‘iga vobasta bo‘ladigan shukuhli onlarga yaqinlashtirishi bilan qadrlidir. U kunlarni orziqib kutmoqdamiz.
To‘lqin Ro‘ziyev,
Mushtariy Ikromova,
O‘zA