O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugun, 20 mart kuni Osiyo qit’asida futbol bo‘yicha Jahon chempionati 3-saralash bosqichining 7-turida Qirg‘iziston termasi bilan raqobatlashadi.
“A” guruhidan o‘rin olgan mazkur uchrashuv poytaxtimizdagi “Bunyodkor“ stadionida Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi. Uchrashuvni yaponiyalik Araki Yusuke boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradigan bo‘ldi. O‘yinda A.Yusukega qanotlarda hamyurtlari Mihara Jun va Vatanabe Kota yordam beradi.

Ushbu bahs oldidan jamoalarning rasmiylari ishtirokida o‘tgan uchrashuvda OFK tomonidan ishtirokchilarga o‘yinga oid bir qator masalalar, xususan, marketing, tibbiyot va xavfsizlik yo‘nalishlari yuzasidan tushuntirish va eslatmalar berib o‘tildi.
Shuningdek, futbolchilarimiz mazkur bahsda to‘liq oq, darvozabonimiz esa yashil libosda harakat qilishi ma’lum bo‘ldi. Qirg‘iziston esa qizil rangli futbol libosida maydonga tushadi.

Ma’lumot uchun, futbolchilarimiz Qirg‘iziston termasi bilan bugunga qadar 11 marotaba bahs olib borgan va ularning barchasida zafar quchgan. Terma jamoamiz birinchi bor 1992 yilda 3:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, so‘nggi bora 2024 yili mazkur saralash bahslarida Bishkek shahridagi «Dolen Omurzakov» stadionida tashkil etilgan uchrashuvda 3:2 hisobida zafar quchgan . O‘tkazilgan bellashuvlardagi to‘plar nisbati 43:2 ko‘rinishini olgan.
Bugungi o‘yinda O‘zbekiston terma jamoasi safida markaziy himoyachi Umar Eshmurodov maydonga tusha olmaydi. U noyabr oyida KXDR termasiga qarshi o‘tgan bahsda qizil kartochka olgan edi. Shuningdek, Farruh Sayfiyev, Odil Hamrobekov, Eldor Shomurodov, Sherzod Nasrullayev, Jaloliddin Masharipov va Bobir Abduxoliqovda bittadan sariq kartochkalar bor.
Umid qilamizki, terma jamoamiz yirik hisobda zafar quchib, 8-turda Eronga qarshi o‘tadigan o‘yinga yuqori kayfiyatda boradi.
Darvoqe, bugungi saralash uchrashuvlarining 7-turida Eron o‘z maydonida BAAni qabul qiladi, Qatar esa KXDR bilan raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA