Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi joriy yil Jahon chempionati Osiyo qit’asi 3-saralash bosqichining 7-turida Qirg‘iziston terma jamoasiga qarshi o‘z maydonida o‘ynaydi.
Ushbu terma jamoalar bahsi 20 mart kuni Toshkentdagi “Bunyodkor" stadionida o‘tkaziladi. Dastlab ushbu uchrashuv boshlanish vaqti soat 18:45 etib belgilangan edi. Biroq Ramazon oyi munosabati bilan muxlislarga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi uchrashuv vaqtini o‘zgartirish bo‘yicha OFKga so‘rov yubordi. So‘rov qanoatlantirilib, o‘yin 20 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:15 ga ko‘chirildi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo qit’asida futbol bo‘yicha Jahon chempionati 3-saralash bosqichining “A” guruhida 13 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA