O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Fuqarolarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qurilish ob’ektlarida yoki ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) korxonalarida ishlash maqsadida kelgan va ushbu ob’ektlarning yashash uchun moslashtirilgan joylarida yashab, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni mazkur qurilish ob’ektlariga yoki ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) korxonalariga vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qurilish ob’ektlarida yoki ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) korxonalarida ishlash maqsadida kelgan va ushbu ob’ektlarning yashash uchun moslashtirilgan joylarida yashab, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganligi, texnika xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, sanitariya-epidemiologiya rejimi talablariga qat’iy rioya etilayotganligi doimiy nazorat qilib borilishiga mas’ul qilib belgilandi.
Mazkur qaror tadbirkorlik sub’ektlari uchun xodimlarni ishga yollashda qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shuningdek, qurilish ob’ektlari yoki ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) korxonalarining yashash uchun moslashtirilgan joylarida yashab, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibini soddalashtiradi.
O‘zA