Fuqaro manfaatiga xizmat qilayotgan zamonaviy bojxona
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda davlat xizmatlarini inson manfaatiga yo‘naltirish, aholi uchun har tomonlama qulay va zamonaviy sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, bojxona tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar chegara postlarini nafaqat xavfsizlik nuqtai nazaridan, balki fuqarolar uchun qulay va zamonaviy xizmat ko‘rsatish maskaniga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan bojxona sohasida ochiqlik, shaffoflik va inson qadrini ulug‘lash tamoyillari izchil tatbiq etilmoqda. Bu borada qabul qilingan 2025-yil 27-dekabrdagi qaror chegara bojxona postlarida infratuzilmani tubdan yaxshilash, fuqarolarga munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha muhim dasturilamal vazifalarni belgilab berdi.
Ana shu ezgu tashabbuslarning amaliy ifodasi sifatida “Olot” chegara bojxona postida salmoqli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Avvalroq postda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida fuqarolarning yozning jaziramasi va qishning sovuq kunlarida noqulayliklarga duch kelayotgani inobatga olinib, zamonaviy kutish zallari qurish tashabbusi ilgari surilgan edi. Bugun ushbu tashabbus amalda o‘z samarasini bermoqda.

Post hududida 110 kvadrat metr maydonga ega bo‘lgan, bir vaqtning o‘zida 40 nafarga yaqin fuqaroga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega yangi zamonaviy kutish zali foydalanishga topshirildi. Zal qulay o‘rindiqlar, konditsionerlar, televizorlar va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, fuqarolarning chegaradan o‘tish jarayonini ancha yengillashtirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, yondosh binoda Ucell kompaniyasi tomonidan zamonaviy aloqa xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. Bu esa safardagi fuqarolarning yaqinlari bilan tezkor muloqot qilishi, internet xizmatlaridan bemalol foydalanishi uchun yana bir muhim qulaylik bo‘ldi.
Islohotlar bu bilan cheklanib qolmayapti. Ayni vaqtda fuqarolar yo‘lagi ustiga 410 metr uzunlikdagi naves qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Mazkur inshoot yozning issiq kunlari va yomg‘irli mavsumlarda chegaradan o‘tuvchi minglab insonlar uchun yanada munosib sharoit yaratishi kutilmoqda.

E’tiborlisi, bu ishlarning barchasi faqat yangi binolar qurish bilan cheklanmaydi. Ularning zamirida inson qadrini yuksaltirish, har bir fuqaroning vaqtini va salomatligini asrash, davlat xizmatlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etishdek ezgu maqsad mujassam.
Bugun “Olot” chegara bojxona postida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar Yangi O‘zbekistonda inson manfaati barcha islohotlar markazida turganining yana bir yorqin isbotidir. Bu kabi zamonaviy infratuzilma ob’ektlari nafaqat fuqarolar uchun qulaylik yaratadi, balki mamlakatimiz bojxona tizimining xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarilayotganini ham yaqqol namoyon etadi.
Davlat rahbarining insonparvar siyosati va bojxona sohasini modernizatsiya qilishga qaratilgan tashabbuslari natijasida chegara postlari mutlaqo yangi qiyofa kasb etmoqda. “Olot” chegara bojxona postida yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar esa fuqarolarga xizmat qilish, ularning roziligiga erishish va davlat xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarning yorqin namunasi sifatida e’tirof etiladi.
Zarif Komilov, O‘za