Istiqbolli loyihalar aholi manfaatiga xizmat qiladi
Bojxona qo‘mitasi raisi A. Mavlonov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga amaliy safari davomida hududda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini o‘rganish, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan tanishish hamda mavjud muammolarni joyida hal etish maqsadida bir qator korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining hududga tashrif buyurganlarida Qoraqalpog‘istonda belgilangan marralarga erishish uchun barcha imkoniyat va resurslarni to‘liq ishga solish, har bir tuman va mahallada aniq hisob-kitob hamda manzilli yondashuv asosida ishni tashkil etish yuzasidan bergan topshiriqlarining ijrosi bojxona organlarida ham izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bunda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan masalalarni joyiga chiqqan holda hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Nukus shahridagi radiator ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi korxonadagi muloqotda qisqa muddatda erishilgan ko‘rsatkichlar tahlil qilindi. 23 million AQSH dollari qiymatidagi xorijiy investitsiya evaziga Italiya, Turkiya va Xitoydan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil qilingan korxona yiliga 900 ming dona radiator ishlab chiqarish quvvatiga ega. Hozirda bu yerda 250 nafar yurtdoshimiz doimiy ish bilan ta’minlandi.

Korxonaning to‘la quvvatda ishlashida chetdan keltirilgan texnologiyalar uchun 25 milliard so‘m qiymatida, xom ashyolar uchun esa salkam 800 million so‘m bojxona to‘lovidan imtiyoz qo‘llanildi. Korxona rahbarlari bilan muloqotda shu yerning o‘zida bojxona nazorati ostidagi tovarlar saqlanuvchi ombor tashkil etish va hududga 2,5 km. uzunlikda temir yo‘l yotqizish masalasi ilgari surildi. Qo‘mita raisi mazkur masalani o‘z nazoratiga olib, tegishli idoralar vakillarini jalb qilgan holda tezkorlik bilan hal qilinishini bildirdi.

Safar davomida shuningdek, Taxiatosh tumanida amalga oshirilayotgan sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar va super kompyuter tizimlarini tashkil etish loyihasi ko‘zdan kechirildi. Qiymati 3,5 milliard AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur loyihaning dastlabki bosqichida 700 million dollarlik xorijiy investitsiya jalb etiladi va qurilish ishlari shu yilning o‘zida boshlanadi.
Buning uchun chetdan 1,4 million AQSH dollari qiymatida 210 tonnadan ziyod material olib kelingan bo‘lib, bunda bojxona to‘lovlaridan 2,3 milliard so‘m imtiyoz qo‘llanildi.
Xitoyning nufuzli “Shanghai Link Wise Data Intelligence” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha import o‘rnini bosuvchi xizmatlar hajmini yiliga 200 million dollarga yetkazish, mahalliylashtirish darajasini 70 foizdan 90 foizga oshirish hamda hudud iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Muhimi, 100 nafar yurtdoshimiz doimiy ish bilan ta’minlanadi.
Tadbirkorlar o‘zaro muloqotda chetdan olib kelinayotgan uskunalar, butlovchi qismlar, detallarning aynan loyiha parametrlariga moslari mamlakatimizda ishlab chiqarilmayotganligi sababli mazkur tovarlarga bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llash bo‘yicha murojaat qilishdi.
“Лойиhalар va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat muassasasi bilan hamkorlikda mazkur masala o‘rganilib, qisqa muddatda amaliy yechim topish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri