Bir eksponat tarixi
O‘zbek ayollari o‘zining matonati, sabr-toqati, metin irodasiyu jasorati bilan hamisha mavqeini sarbaland ushlagan. Mamlakatimiz xotin-qizlari tarixning turli davrlarida, suronli yillarida, har xil qiyinchilik va jangu jadallarda ham o‘zini yo‘qotmay, irodasini mustahkam va boshini tik tutib, matonat namunasini ko‘rsatgan.
O‘tgan asrning eng dahshatli yillari — Ikkinchi jahon urushi o‘zbek ayollarining irodasini, sabru-bardoshini, jasoratini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu dahshatli urush minglab oilalarning boshiga kulfat yog‘dirdi, onalarni bolasidan, bolalarni ota-onasidan, yosh kelinlarni yoridan ayirdi. Minglab yuraklar farzand dog‘ida kuydi, minglab qalblar yor hijronidan ado bo‘ldi...

Urush boshlanib, el-yurtning yengili ham, og‘iri ham xotin-xalajning, bola-baqrayu, qari-qartaning bo‘ynida qoldi. Urush yillarida o‘zbek xotin-qizlarining xalq xo‘jaligidagi ishtiroki yuqori darajaga ko‘tarildi. Front ortida minglab xotin-qizlar “Hamma narsa — front uchun, hamma narsa — g‘alaba uchun!” deb yashadi. O‘z oromidan, huzur-halovatdan kechib, tinimsiz og‘ir va mashaqqatli mehnat qildi, tunni tongga ulab, ham o‘z kunlarini ko‘rish, ham front uchun mustahkam ta’minot bazasini yaratish uchun tinim bilmadi.
O‘zbek xotin-qizlarining ushbu suronli yillardagi jasorati va matonatini so‘z bilan ifodalash mushkul. Ular nafaqat front ortida, balki jang maydonlari sari ham shaylanib, g‘alaba ishtiyoqida ojizaligini unutdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 4 yarim mingdan ortiq o‘zbekistonlik xotin-qiz frontda erkaklar bilan bir safda tinchlik uchun kurashgan. 1941 yil 26 iyunda toshkentlik 1551 nafar, 28 iyunda farg‘onalik 423 nafar, xorazmlik 147 nafar, andijonlik 798 nafar, namanganlik 267 nafar xotin-qiz armiya safiga qabul qilishlarini, frontda jang qilish istagini bildirib ariza topshirgan.

Poytaxtimizdagi G‘alaba boyida joylashgan “Shon-sharaf” muzeyida o‘zbek xotin-qizlarining front ortidagi jasoratiga bag‘ishlangan alohida bo‘lim mavjud. Bu bo‘limdan o‘rin olgan har bir tarixiy eksponat, surat va ashyolar millatimiz ayollarining matonatidan, bardoshidan, jasoratidan so‘zlaydi.
– Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida qolganlarning barchasini xotin-qizlar, bolalar va keksa yoshlilar tashkil etgan, – deydi muzey gid-tarjimoni Mohichehra Jabborova. – Ayollarning barchasi erkaklarning ishini, vazifasini o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘lishgan. Muzeyimizning o‘zbek xotin-qizlarining front ortidagi jasoratiga bag‘ishlangan bo‘limidan o‘rin olgan har bir eksponatda, suratlarda ayollarning og‘ir mehnat bilan mashg‘ul ekanligini ko‘rish mumkin. Mana, masalan, traktorchi ayollar, aviazavodda ishlayotgan xotin-qizlar, Farhod GESi qurilishida ishtirok etayotgan, qum tashiyotgan ayollar, turli zavod va korxonalarda faoliyat olib borayotgan o‘zbek xotin-qizlari fotosuratlarda o‘z aksini topgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, urushning dastlabki paytlaridayoq 20 mingga yaqin toshkentlik xotin-qizlar sanoat korxonalari va qurilishlarda, 1 ming 700 ga yaqin respublika xotin-qizlari ko‘mir koni shaxtalarida ishlashga yo‘l oldi. Umuman, urush yillarida ayollar tomonidan egallanmagan hech bir ish qolmadi. Ular front ortida erkaklarning o‘rnini egallab, jasorat ko‘rsatib, mashaqqatli mehnat qildi.
Ana shunday ayollarimizdan Zamira Mutalova, Oppog‘oy Rustamova, Nazira Yo‘ldosheva, Mastura Azizova, M.Ikromova, Mehriniso Ubaydullayeva, birinchi mashinist ayol Bashorat Mirboboyeva kabilar front ortida qahramonlarcha mehnat qildi. Mehriniso Ubaydullayeva katta miqdorda qand lavlagi yetishtirib, mo‘l hosil olishda nom qozongan ayollardan biridir. U o‘sha paytda “Sotsialistik mehnat qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, frontga 4 million 806 ming tonna paxta, 1,5 million tonnadan ortiq go‘sht mahsulotlari jo‘natilgan. Bug‘doy, loviya, mosh, guruch kabi mahsulotlar, quruq mevalar yuborilgan. Bularning barchasi xotin-qizlar mehnati bilan yetishtirilgan.
Urush yillarida O‘zbekistonda 15ga yaqin GES barpo etilgan. Ularning eng kattasi Farhod GESi, Salor GESi hisoblanadi. Ushbu GESlarning qurilishida ham o‘zbek ayollarining hissasi beqiyos, – deydi muzey xodimi.
Darhaqiqat, ushbu bo‘limdagi suratlarni tomosha qilar ekansiz, quyoshning issiq taftidan, mehnatning zahmatidan yuzlari qoraygan o‘zbek xotin-qizlari sanoat va xalq xo‘jaligining barcha yo‘nalishlarida sidqidildan mehnat qilayotganini ko‘rasiz. Uncha-muncha ayol zoti bardosh bera olmaydigan og‘ir va zalvorli mehnat sharoitlarida o‘zbek ayollari sabru bardosh, metin iroda bilan jasorat namunasini ko‘rsatganiga guvoh bo‘lasiz.
Sanoat korxonalari va zavodlarda temir-uskuna changallab, qishloq xo‘jaligi maydonlarida tuproq va suv kechib, GESlar qurilishi va ariq-zovurlarni tozalashda yer kovlab, zambillarda qum tashib, kichik va ojiz jussasiga katta zahmatlarni olgan o‘zbek xotin-qizlari har bir davr uchun matonat va sabr namunasi bo‘la oladi.
Nafaqat xotin-qizlar, umuman, el-yurtimizning urush yillarida ko‘rsatgan mardlik va qahramonligi, matonati biz uchun hamisha ulkan jasorat maktabidir. Bu maktabning qadr-qimmati, ahamiyati har qancha vaqt o‘tsa-da, o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi. Chunki barcha avlodlar ularning qahramonligiyu jasoratidan, mehnatsevarligiyu vatanparvarligidan ma’naviy kuch, cheksiz ruh oladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA