FOTOGALEREYA: Taraqqiyotning yangi bosqichidagi Qashqadaryo
Mustaqilligimizning 35 yilligi oldidan
«Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot
va kelajak yaratamiz!»
Mustaqillik yillarida Qashqadaryo viloyatida keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Boy tabiiy resurslar, qadimiy tarix va yuksak mehnat salohiyatiga ega voha bugun sanoat, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik, turizm va ijtimoiy sohalardagi yangilanishlar bilan yangi qiyofa kasb etmoqda.
Qashqadaryo mamlakatimiz sanoat salohiyatida muhim o‘rin tutadi. Neft-gaz, kimyo, energetika va boshqa yo‘nalishlardagi yirik korxonalar qatorida yangi ishlab chiqarish quvvatlari va investitsiya loyihalari ham ishga tushirilmoqda. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Viloyatda tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohalari ham jadal rivojlanmoqda. Mahallalarda yangi loyihalarning amalga oshirilishi, kichik biznes va xususiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va daromadlarni oshirishga xizmat qilmoqda.
[gallery-31006]
Qashqadaryoning boy dehqonchilik an’analari zamonaviy agrotexnologiyalar bilan uyg‘unlashmoqda. Paxta va g‘alla yetishtirish, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish borasida yangi yondashuvlar joriy etilmoqda. Suv tejovchi texnologiyalar, intensiv bog‘lar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash quvvatlarining kengaytirilishi tarmoqda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkonini bermoqda.
Vohada ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi va zamonaviy maktablar, ta’lim muassasalari, tibbiyot ob’ektlari, sport inshootlari, madaniyat maskanlari barpo etilib, mahallalar obodonlashtirilmoqda.
Yoshlarning zamonaviy bilim va kasblarni egallashi, sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda. Dehqon va fermerlar, ishchi va muhandislar, o‘qituvchi va shifokorlar, tadbirkor va hunarmandlar o‘z mehnati bilan voha taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Qashqadaryoning tarixiy va tabiiy salohiyati turizm sohasini rivojlantirish uchun keng imkoniyat yaratadi. Qadimiy Kesh — Shahrisabzning me’moriy obidalari, Kitob va Yakkabog‘ning so‘lim tabiati, tog‘oldi hududlari, tarixiy qadamjolar hamda milliy hunarmandchilik an’analari sayyohlar uchun jozibador maskanlar hisoblanadi. Bu imkoniyatlardan samarali foydalanish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish va yangi sayyohlik yo‘nalishlarini tashkil etish borasida ishlar olib borilmoqda.
Qurilish va bunyodkorlik ishlari ham viloyatning yangilanib borayotgan qiyofasini namoyon etmoqda. Yangi turar joylar, ijtimoiy ob’ektlar, ishlab chiqarish binolari va infratuzilma loyihalari shahar va tumanlar rivojiga yangi mazmun bag‘ishlamoqda.
Bugungi Qashqadaryo — sanoat va qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik va mehnat, tarix va turizm, bunyodkorlik va inson qadri uyg‘unlashgan zamin. Mustaqillikning 35 yilligi arafasida vohaning bugungi qiyofasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar o‘z ifodasini topmoqda.
Jamshid NORQOBILOV(surat),O‘zA