Forishda “Uch olam jilosi” ko‘chma fotoko‘rgazmasi ochildi
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyati Forish tumanida “Forish — uch olam jilosi” nomli ko‘chma fotoko‘rgazma ochildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent Fotosuratlar uyi hamda tuman hokimligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir hududning turizm salohiyati va betakror tabiatini keng targ‘ib etishga qaratildi.
Forish tumani mahobatli Nurota tog‘lari, Aydarko‘l va Qizilqum kengliklari tutashgan o‘ziga xos tabiiy hudud sifatida ajralib turadi. Ko‘rgazmada ana shu go‘zal manzaralar fotorassomlar nigohida aks etgan suratlar namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Forish tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Shavkat Uzoqov bu kabi ijodiy loyihalar hududning o‘ziga xos qiyofasini namoyon etish, yosh avlodning estetik didini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Ekspozitsiyadan O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, fotorassom Zafar Ro‘ziqulov hamda uning farzand va shogirdlarining ijodiy ishlari o‘rin olgan. Suratlarda Forishning tog‘, suv va cho‘l manzaralari bir butun tabiiy uyg‘unlikda tasvirlangan.
[gallery-30273]
— Ushbu fotoasarlar yurtimiz tabiatining beqiyos go‘zalligini namoyon etish bilan birga, qalblarda Vatanga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otadi, - deydi “Jizzax haqiqati” va “Djizakskaya pravda” gazetalari fotomuxbiri Botir Qudratov. — Kadrlardagi manzaralar tomoshabinni yurt tabiatini asrab-avaylashga undaydi.
Ko‘rgazma doirasida fotosan’atga qiziquvchi yoshlar uchun mahorat darslari ham tashkil etildi. Unda zamonaviy fotografiya yo‘nalishlari, kompozitsiya yaratish va yorug‘lik bilan ishlash usullari haqida ma’lumot berildi.
Ikki kun davom etgan madaniy tadbir yakunida bu kabi qo‘shma ko‘rgazmalarni viloyat miqyosida muntazam tashkil etib borish rejasi belgilandi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA