Tahlil: Professor-o‘qituvchi va talabalar nisbati mutanosibmi?
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda oliy ta’lim qamrovi sezilarli darajada kengaydi. Yangi davlat va nodavlat oliygohlarining tashkil etilishi, xorijiy universitetlar filiallari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi hamda qabul kvotalarining oshirilishi natijasida talabalar soni 1,6 milliondan oshdi.
Biroq, bu o‘sish professor-o‘qituvchilar sonining ham xuddi shunday sur’atlarda ko‘payishini talab qiladi.
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi e’lon qilgan reyting natijalari aynan shu masala dolzarbligini ko‘rsatmoqda. Davlat oliygohlarida bir nafar professor-o‘qituvchiga o‘rtacha 19,1 nafar talaba to‘g‘ri kelayotgani xalqaro amaliyot nuqtai nazaridan maqbul ko‘rsatkichlardan biri sifatida baholanishi mumkin. Biroq, xorijiy filiallarda bu raqam 32,9 nafarga, nodavlat oliygohlarda esa 55,3 nafarga yetgani ta’lim jarayoniga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Eng tashvishli jihatlardan biri — ayrim oliygohlarda bir nafar professor-o‘qituvchi hissasiga 200 nafardan ortiq talaba to‘g‘ri kelayotganidir. Bunday holatda o‘qituvchining har bir talaba bilan individual ishlashi, amaliy mashg‘ulotlarni sifatli tashkil etishi, ilmiy rahbarlik qilishi va bilimlarni chuqur baholash imkoniyatlari cheklanadi. Natijada ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli ortadi.
Ma’lumotlar yana bir muhim jihatni ko‘rsatadi. Ijod va sport yo‘nalishidagi oliygohlarda bir o‘qituvchiga o‘rtacha 8,4 nafar talaba to‘g‘ri kelayotgani mazkur sohalarning amaliy xususiyati bilan izohlanadi. Tibbiyot sohasida ham nisbat nisbatan past — 13,6 nafar. Ammo ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarda bu ko‘rsatkich 44,3 nafargacha yetishi auditoriyalardagi yuklama yuqoriligini anglatadi.
Mutaxassislar fikricha, oliy ta’lim sifatini oshirish uchun qabul ko‘rsatkichlarini oshirish bilan birga, professor-o‘qituvchilar tarkibini kengaytirish, ilmiy salohiyatli kadrlarni tayyorlash va ularni ta’lim muassasalariga jalb etishga ham ustuvor ahamiyat qaratish zarur. Chunki ta’lim sifati nafaqat zamonaviy infratuzilma yoki o‘quv dasturlari, balki har bir talabaga ajratiladigan akademik e’tibor bilan ham belgilanadi.
Shu bois professor-o‘qituvchi va talabalar nisbati oliy ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini baholovchi muhim mezonlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu ko‘rsatkichni maqbul darajada saqlash esa raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va milliy oliy ta’lim tizimi sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA