Qonun loyihasi muhokamada
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati mustaqilligini mustahkamlash, jamoatchilik nazoratining ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasiga ko‘ra, davlat organlari mansabdor shaxslari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Ayni paytda muhokamaga qo‘yilgan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga hamda Soliq kodeksiga NNTlarning huquq va manfaatlari himoyasini mustahkamlash, jamoatchilik nazoratining ta’sirchanligi va samaradorligini oshirishga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Hujjat nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati, ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish va ma’muriy jarimalarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha bir qator o‘zgarishlarni nazarda tutadi.
“Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunining 17-moddasida jamoatchilik nazoratining natijalariga ko‘ra tayyorlangan yakuniy hujjatda bayon etilgan axborot, tavsiya va takliflar davlat organlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqilishi hamda ular yuzasidan qonuniy qarorlar qabul qilinishi belgilangan bo‘lsada, yakuniy hujjatni ko‘rib chiqmaganlik uchun javobgarlikka tortishning aniq mexanizmi o‘rnatilmagan edi. Ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasi bilan jamoatchilik nazoratining natijalari bo‘yicha tayyorlangan yakuniy hujjatni davlat organi tomonidan ko‘rib chiqish majburiyati hamda mazkur qonunchilik talabini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash ko‘zda tutilgan. Bu esa NNTning o‘z pirovard maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida yanada erkin harakat qilishlari va faoliyatlari davomida uchrashi mumkin bo‘lgan ayrim administrativ to‘siqlarning bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
Bundan keyin firibgarlik yoki talon-toroj uchun sudlanganlar jamoat fondini ocholmaydi. Shu bilan birga har bir grant va loyiha haqida jamoatchilikka ma’lumot berib boriladi.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan NNTlar va fuqarolik jamiyati institutlarini qiynayotgan muammolar, qolaversa, ular tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasini bugungi kun talablari doirasida ayni paytida qabul qilinayotgan qonunchilik tashabbusi desak bo‘ladi.
Shuningdek, nodavlat tashkilotlar (diniy tashkilotlar bundan mustasno), ularning vakolatxona va filiallari davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat yuritishi, ro‘yxatdan o‘tmagan ramziy belgilardan foydalanish, tadbirlar o‘tkazish haqida xabardor qilmaslik yoki qonunchilikda taqiqlangan tadbirlar o‘tkazish, pul mablag‘lari va mol-mulkdan foydalanish to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilmaslik uchun amaldagi ma’muriy jarima miqdorlari o‘rtacha to‘rtdan bir qismiga kamaytirilishi belgilangan.
Qonun loyihasida “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunning bir qator moddalari xorijiy manbalardan olingan pul mablag‘lari va mol-mulkni ham tashkilotning moliyaviy manbasini shakllantirish omili sifatida kiritish hamda undan foydalanish to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish asoslarini mustahkamlash kabi yangi qoidalar bilan to‘ldirilmoqda.
Mazkur o‘zgarishlar NNTning joylardagi va mahallalardagi jamoatchilik nazorati tadbirlarining yakunlari bo‘yicha ta’sirchan natijalarga erishishlarini hamda faoliyatida ish samaradorligining oshishini ta’minlaydi.
Taklif etilayotgan ushbu me’yorlar nodavlat notijorat tashkilotlarining tashabbuskorligi va faolligini ta’minlash – mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, aholining siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda Samarqand viloyatida adliya boshqarmasidan ro‘yxatdan o‘tgan NNT va ularning alohida bo‘linmalari soni 818 tani tashkil qiladi. Ularning 160 tasi mustaqil, bosh idorasi bo‘lmagan NNTlar hisoblanadi. Bu tashkilotlarning 37 tasi tadbirkorlik va fermerlik yo‘nalishida, 148 tasi sport yo‘nalishida, 73 tasi nogironlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha, 51 tasi yoshlar yo‘nalishida, 74 tasi huquqiy-demokratik institutlarni rivojlantirish sohasida, 53 tasi madaniyat, tarix va ma’rifat yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda. 2021-2024 yillarda viloyatdagi 85 ta davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirish uchun NNTlar 5 milliard so‘m miqdorida moliyalashtirildi.
Elyor Ulug‘murodov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish
markazi Samarqand hududiy bo‘limi rahbari.
O‘zA