FIFA prezidenti Eron terma jamoasi futbolchilari bilan ko'rishdi: Mundial oldidan muhim uchrashuv tafsilotlari
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino Eron terma jamoasi futbolchilari va Eron futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Mehdi Muhammad Nabi bilan uchrashganini ma’lum qildi.
«Kosta-Rika terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan Eron milliy terma jamoasi o‘yinchilari bilan ko‘rishganimdan juda mamnunman. Men futbolchilar, shuningdek, Eron futbol federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Mehdi Muhammad Nabi bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldim.
Men Eron terma jamoasini jahon chempionatiga yo‘llanma olgani hamda Eron va butun dunyodagi millionlab insonlarni faxrlanishga majbur qilgani bilan yana bir bor tabrikladim. Mamlakat sharafini himoya qilish — bu katta mas’uliyat. Men o‘yinchilarni o‘z muxlislarini ruhlantirishda davom etishga va o‘z xalqini jahon arenasida orzu qilishga undashga chaqirdim.
Futbol hatto eng murakkab sharoitlarda ham birdamlik va umid olib keladi. FIFA jamoaning jahon chempionatiga tayyorgarligi uchun eng yaxshi sharoitlarni ta’minlashda qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Men ularning dunyoga insonparvarlik va birlik xabarini yetkazishini intiqlik bilan kutaman», — deb yozdi Infantino ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Avvalroq Eron futbol federatsiyasi rahbari Mehdi Toj jahon chempionatidagi o‘yinlarni AQSHdan Meksikaga ko‘chirish bo‘yicha FIFA bilan muzokaralar olib borayotganini ma’lum qilgan edi. Federatsiya AQSH prezidenti Donald Tramp eronliklarning turnirda ishtirok etishini ularning xavfsizligi nuqtayi nazaridan maqsadga muvofiq emas deb ataganidan so‘ng FIFAga murojaat qilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 28-fevralidan buyon AQSH va Isroil Eron hududidagi obektlarga, jumladan Tehron shahriga zarbalar bermoqda, vayronagarchiliklar va tinch aholi orasida qurbonlar borligi xabar qilinmoqda.
Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Qur’a natijalariga ko‘ra, Eron terma jamoasi "G" guruhidan joy olgan bo‘lib, Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya jamoalariga qarshi bahs olib boradi.