Eron JCh-2026 o'yinlarini AQSHdan Meksikaga ko'chirishni so'ramoqda
Eron futbol federatsiyasi Yaqin Sharqdagi mojarolarni sabab qilib keltirgan holda, 2026-yilgi jahon chempionatidagi milliy terma jamoa o'yinlarini AQSHdan Meksikaga ko'chirish bo'yicha FIFA bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda AFP agentligi Eronning Meksikadagi elchixonasiga tayanib xabar berdi.
"AQSH prezidenti Donald Tramp Eron milliy terma jamoasi xavfsizligini kafolatlay olmasligini ochiq aytganidan keyin, biz, albatta, Amerikaga bormaymiz. Hozirda biz FIFA bilan Eron terma jamoasining jahon chempionatidagi o'yinlarini Meksikada o'tkazish bo'yicha muzokaralar olib boryapmiz", — deyiladi Eron futbol federatsiyasi rahbari Mehdi Tojning elchixonaning X ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida e'lon qilingan bayonotida.
O'tgan haftada Tramp Eron jamoasi "o'z hayoti va xavfsizligi uchun" turnirga bormasligi kerakligini ta'kidlagan edi. Jahon chempionatining final bosqichi 2026-yilning iyun-iyul oylariga rejalashtirilgan bo'lib, u AQSHning 11 ta, Meksikaning 3 ta va Kanadaning 2 ta shahrida bo'lib o'tadi.
Eron terma jamoasi Osiyo mintaqasidagi saralashdan o'tib, Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya bilan birga "G" guruhidan joy olgan. Rejaga ko'ra, Eron Yangi Zelandiya va Belgiya bilan Los-Anjelesda, so'ngra Misr bilan Sietlda o'ynashi kerak. Agar jamoa turnirda ishtirok eta olmasa, FIFA unga o'rinbosar topishiga to'g'ri keladi. Nomzodlar sifatida Iroq va BAA terma jamoalari ko'rilmoqda.