FIFA JCh-2026 finali uchun chiptalar narxini oshirdi: Eng qimmat chipta qariyb 11 ming dollar
FIFA AQSHning Nyu-Jersi shtati, Ist-Raterford shahridagi «MetLife Stadium» stadionida bo‘lib o‘tadigan JCh-2026 final uchrashuvi uchun chiptalar narxini oshirdi.
Yangi narxlar turnirda ishtirok etadigan barcha 48 ta jamoa nomi ma’lum bo‘lganidan keyin e’lon qilindi.
Final uchun eng qimmat chiptalar narxi endilikda 8680 dollardan 10 990 dollargacha ko‘tarildi (o‘sish 26,6%). Finalning ikkinchi toifadagi chiptalari hozirda 7380 dollar (avval 5575 dollar edi, 32,4% ga o‘sish), uchinchi toifadagilar esa 5785 dollarni (avval 4185 dollar edi, 38,2% ga o‘sish) tashkil etmoqda.
Qayd etilishicha, FIFA AQSHning 11 ta, Meksikaning 3 ta va Kanadaning 2 ta shahrida bo‘lib o‘tadigan turnir uchun dinamik narxlash tizimidan foydalanmoqda.
Chorshanba kuni jahon chempionati chiptalarining onlayn savdosida uzilishlar kuzatilgani ham xabar qilingan.