JCH-2026 yarim finalchilari orasida eng qimmatbaho futbolchilar ma’lum bo‘ldi
Mazkur ro‘yxatni aynan bugun, 13-iyul kuni o‘zining 19 yoshini nishonlayotgan Ispaniya terma jamoasi va «Barselona» klubi vingeri Lamin Yamal boshqarib bormoqda.
Nufuzli Transfermarkt portali futbol bo‘yicha jahon chempionatida o‘z terma jamoalari bilan yarim final bosqichiga qadar yetib kelgan eng qimmatbaho o‘yinchilar reytingini tuzib chiqdi.
Mazkur ro‘yxatni aynan bugun, 13-iyul kuni o‘zining 19 yoshini nishonlayotgan Ispaniya terma jamoasi va «Barselona» klubi vingeri Lamin Yamal boshqarib bormoqda. Uning transfer qiymati 200 million yevroga baholangan. Kuchli uchlikning ikkinchi pog‘onasidan Fransiya terma jamoasi hamda Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe (180 million yevro) joy oldi. Uchinchi o‘rinni esa ispaniyalik Pedri («Barselona») va fransiyalik Maykl Olise («Bavariya») o‘zaro bo‘lishib turibdi — har ikkala futbolchining narxi 150 million yevroga teng.
Kuchli beshlikka Angliya terma jamoasi va «Real» a’zosi Jud Bellingem yakun yasab berdi — 130 million yevro.
E’tiborli jihati shundaki, turnirning amaldagi g‘olibi va yarim finalchisi hisoblangan Argentina terma jamoasidan kuchli o‘ntalikka faqatgina bir nafar futbolchi kira oldi. Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Xulian Alvares 100 million yevrolik ko‘rsatkich bilan TOP-10 ro‘yxatining oxirgi pog‘onasidan joy olgan.
Ertaga, 14-iyul kuni dastlabki yarim final doirasida Ispaniya va Fransiya terma jamoalari o‘zaro to‘qnash kelishadi. Oradan bir kun o‘tib, 15-iyul kuni o‘tkaziladigan Argentina hamda Angliya terma jamoalari o‘rtasidagi bahsda finalning ikkinchi yo‘llanmasi egasi aniqlanadi.