Fidoyi kasb egalari taqdirlandi
12-may – Xalqaro hamshiralar kuni
Namanganda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan 12-may – Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan tizimda faoliyat yuritayotgan o‘rta tibbiyot xodimlari uchun tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.
Shifo muassasalari mutasaddilari, faxriy hamshiralar, sohaning nuroniylari hamda yuzlab tibbiyot xodimlari ishtirokidagi ushbu marosim avvalida Namangan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulxodi Iminov hamshiralik kasbining jamiyat hayotidagi o‘rni, inson salomatligini muhofaza qilishdagi beqiyos xizmatini alohida e’tirof etdi.

Darhaqiqat, har bir tibbiyot maskani – poliklinika, shifoxona, klinika faoliyatida hamshiralar ishi alohida o‘rin tutadi. Bemorlarni parvarish qilish, shifokor ko‘rsatmalarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish, aholiga malakali va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonida “oq xalat” sohibalarining mas’uliyati katta.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar keyingi yillarda yurtimizda hamshiralik sohasini rivojlantirish, o‘rta tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash borasida olib borilayotgan xayrli ishlarga to‘xtaldi. Ayniqsa, zamonaviy tibbiyot muassasalari tashkil etilayotgani, raqamli tibbiyot tizimi keng joriy qilinayotgani hamda hamshiralarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturlari amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.

Bayram tadbirida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining respublika kengashi ijroiya qo‘mitasi va O‘zbekiston hamshiralar assotsiatsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi” tanlovining viloyat bosqichida “Yilning eng yaxshi hamshirasi", "Yilning eng yaxshi tibbiy brigada hamshirasi", “Yilning eng yaxshi muolaja va emlash hamshirasi”, "Yilning eng yaxshi doyasi", "Yilning eng yaxshi laboranti", “Yilning eng yaxshi sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi”, “Yilning eng yaxshi feldsheri”, "Yilning eng yaxshi farmatsevti" kabi 15 ta nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblari faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

– Hamshira – shifokor va bemor o‘rtasidagi muhim ko‘prik. Bizning mehrimiz, sabru va mas’uliyatimiz bemorning ruhiy holatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, – deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi Namangan filiali Kosonsoy tuman bo‘limi hamshirasi, “Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi” tanlovining viloyat bosqichi “Yilning eng yaxshi tez tibbiy yordam stansiyasi hamshirasi” yo‘nalishi g‘olibi Muqaddas Abdullayeva. – Xususan, shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimida faoliyat yuritayotgan hamshiralarning fidokorona mehnati alohida tahsinga loyiq.

Marosimda, shuningdek, ko‘p yillik samarali mehnati, kasbiga sadoqati va namunali xizmatlari bilan ajralib turgan bir guruh hamshiralarga faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayram tadbiri yakunida san’atkorlar ijrosidagi dilrabo kuy-qo‘shiqlar fidoyi va jonsarak hamshiralarga ko‘tarinki zavqu shavq ulashdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA