Fidoyi hamshiralar taqdirlanishdi
Inson salomatligini asrashdek sharafli va mas’uliyatli sohada mehr, sabr va fidoyilik bir-biri bilan chambarchas uyg‘unlashib ketadi. Ayniqsa, shifokor va bemor o‘rtasidagi eng yaqin ko‘makchi bo‘lgan hamshiralar mehnati jamiyatda alohida e’tirofga munosibdir. Ular nafaqat tibbiy xizmat ko‘rsatadi, balki bemorga ruhiy dalda, mehr va ishonch ham ulashadi.
Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyatida bayram tadbiri o‘tkazildi. Tadbir Sirdaryo viloyati Yoshlar markazida tashkil etilib, unda viloyat rahbariyati, sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari, tibbiyot muassasalari xodimlari hamda faxriylar ishtirok etishdi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Vohid Xudoyqulov va soha mutaxassislari so‘zga chiqishib, tibbiyot tizimida o‘rta tibbiyot xodimlarining o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladilar.
Darhaqiqat, hamshiralik — bu shunchaki kasb emas, balki inson qalbiga mehr ulashish, og‘ir damlarda bemorga suyanch bo‘lishdek yuksak insoniy fazilatdir. Bu kasb egasidan nafaqat bilim, balki yuksak mas’uliyat, sabr va chuqur insoniylik talab etiladi.
Tadbir davomida tibbiyot sohasida uzoq yillar davomida samarali mehnat qilib kelayotgan, respublika va viloyat miqyosida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan o‘rta tibbiyot xodimlari taqdirlanishdi.
Jumladan, “Hamshira – 2026” ko‘rik-tanlovida faol ishtirok etib, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindor bo‘lgan soha vakillariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Ayniqsa, respublika bosqichida yuqori natija ko‘rsatgan hamshiralar alohida e’tirof etildi.
Shu bilan birga, respublika miqyosida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi” ko‘rik-tanlovida Humoyun Bobonazarov faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. U Oqoltin tumani tibbiyot birlashmasida faoliyat yuritib, “Yilning eng yaxshi sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi” nominatsiyasi g‘olibi sifatida ham e’tirof etilgan.
U o‘z so‘zida bu yutuqni jamoaviy mehnat samarasi sifatida baholab, jumladan shunday dedi:
– Respublika miqyosidagi tanlovda 1-o‘rinni qo‘lga kiritish men uchun katta sharaf. Bu yutuq nafaqat shaxsiy mehnatim, balki jamoamizning qo‘llab-quvvatlashi va ishonchi natijasidir.
[gallery-29453]
Ta’kidlash joizki, Humoyun Bobonazarov o‘z faoliyati davomida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, kasalliklarning oldini olish, tibbiy madaniyatni oshirishga qaratilgan tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish hamda zararli odatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlari yuqori baholanmoqda.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirilib, ularning samarali mehnati va kasbiga sadoqati alohida e’tirof etildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA