Fevral oyida muammoli kreditlar 896 milliard so‘mga oshdi
Joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston bank tizimida kreditlash hajmi oshgan bo‘lsa-da, muammoli kreditlar miqdori ham ko‘paydi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyi davomida banklar kredit portfeli 3,3 trln. so‘mga o‘sib, jami kredit qo‘yilmalari hajmi 613,7 trln. so‘mdan oshgan. Shu bilan birga, muammoli kreditlar 896 mlrd. so‘mga ortib, bu ko‘rsatkich ketma-ket ikkinchi oy o‘sishni qayd etdi.
Muammoli kreditlar o‘sishiga asosan davlat banklaridagi o‘zgarishlar ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, davlat banklarida muammoli kreditlar miqdori 923 mlrd. so‘mga ko‘paygan.
Umuman olganda, davlat banklari kredit portfeli 1,55 trln. so‘mga oshgan. Jami boshqa banklar kredit portfeli 1,77 trln. so‘mdan ortiqqa oshgan. Fevral oyida muammoli kreditlar hajmi 896 mlrd. so‘mga oshgan. Bu o‘sish asosan davlat banklari hisobiga to‘g‘ri keladi.
Fevral oyi yakuniga ko‘ra, muammoli kreditlarning jami kredit portfelidagi ulushi 3,17 foizdan 3,30 foizgacha oshgan. Bu esa bank tizimida kredit tavakkalchiliklari biroz ortganini ko‘rsatadi.
Kredit portfeli o‘sishi iqtisodiy faollik oshganini anglatsa-da, muammoli kreditlar ulushining ortishi banklar uchun risklarni boshqarishni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA