Fermerning suv nasoslarini quyosh panellari energiya bilan ta’minlaydi
Surxondaryo viloyatida muqobil energiya manbalari va energotejamkor qurilmalarning foydasini sezgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ulardan samarali foydalanishni joriy etmoqda. Energotejamkor uskuna va “yashil” energiya manbalaridan foydalanib, ekologik xavfsiz iqtisodiyotni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda, daromadini tejamoqda.
“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Abdumo‘min Jo‘rayev” fermer xo‘jaligi rahbari Yangiboy Jo‘rayev ham ekinzorlarini sug‘orish uchun energotejamkor suv nasoslarini o‘rnatish va quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan samarali foydalanish loyihasiga qo‘l urdi.
Fermer 98 gektardan ortiq maydonda dehqonchilik qiladi. Joriy yil uchun mavjud ekin yerlarining 50,1 gektarida g‘alla maysalarini parvarishlamoqda. 48 gektar maydonga chigit qadab, paxta yetishtirishni rejalashtirgan. Ayni paytda dehqonning g‘alla maysalari bir tekis rivojlanib, ko‘kka bo‘y cho‘zmoqda.
– G‘alla ham, paxta ham suv talab qiladigan ekin, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Yangiboy Jo‘rayev. – Dalamiz nasos yordamida obi-hayot bilan ta’minlanadi. Hisoblab ko‘rsak, zamonaviy suv nasoslarini o‘rnatib, quyosh panellari yordamida ishlab chiqaradigan elektr energiyasidan foydalansak, anchagina mablag‘ni tejab qolar ekanmiz. Shuning uchun yaratilayotgan imkoniyatdan foydalanib, dehqonchilikka tejamkor uskunalarni qo‘llab, rivojlantirishni, daromadimizni oshirishni rejalashtirdik.
Sayyoramizda suv ham, elektr energiyasi ham noyob ne’matga aylanmoqda. Bu boyliklarning qadrini bilayotgan dehqonlar endilikda ularni hisob-kitob qilishni o‘rgandi. Fermerlarda tejamkor nasos obi-hayot sarfini kamaytirishiga, muqobil energiya manbalari bepul elektr energiyasi bilan ta’minlashiga qiziqish paydo bo‘layotir. Bu usullarni joriy etayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga qo‘llanilayotgan imtiyozlar yer egalarining ham bu qurilmalarni o‘rnatishiga intilishini oshirmoqda.
Energotejamkor suv nasoslarini “yashil” energiya bilan ta’minlovchi quyosh panellarini joriy etayotgan tajribali fermer Yangiboy Jo‘rayev yiliga 105 ming kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan muqobil energiya manbalarini o‘rnatmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, quyoshdan olinadigan ishonchli elektr quvvati fermerning qariyb yuz million so‘mlik energiya xarajatini tejab qoladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri