XVJ missiyasi Özbekistondagi korrupsiyaga qarşi preventiv çoralar böyiça amaliy natijalar bilan tanişdi
Korrupsiyaga qarşi kuraşiş agentligiga Xalqaro valyuta jamğarmasining (XVJ) Özbekistondagi vakolatxonasi rahbari K.Gvenetadze boşçiligidagi missiya taşrif buyurdi.
Uçraşuvda Agentlik direktori örinbosari Umida Töxtaşeva Özbekistonda korrupsiyaga qarşi kuraşişga oid davlat siyosati boşqaruvda şaffoflikni taʼminlaş, byurokratiyani qisqartiriş va jazo muqarrarligini qaror toptirişga qaratilgan ustuvor yönaliş hisoblanişini qayd etdi. Uşbu siyosat mustahkam qonunçilik bazasi, maxsus vakolatli organlar faoliyati hamda raqamlaştiriş islohotlari orqali röyobga çiqarilmoqda.
2017-yilda qabul qilingan «Korrupsiyaga qarşi kuraşiş töğrisida»gi qonun sohadagi davlat siyosatining asosiy huquqiy poydevoridir. Bu yönalişda «Manfaatlar töqnaşuvi töğrisida»gi, «Davlat fuqarolik xizmati töğrisida»gi hamda normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarşi ekspertizadan ötkaziş töğrisidagi qonunlar ham qabul qilingan.

Bugungi kunda mamlakatda Korrupsiyaga qarşi kuraşiş agentligi va Korrupsiyaga qarşi kuraşiş böyiça milliy kengaş faoliyat yuritmoqda. 2026-yilda Agentlikka xalqaro moliya va xorijiy mablağlar iştirokidagi loyihalarda korrupsiya va manfaatlar töqnaşuvini aniqlaş hamda oldini oliş böyiça yangi vakolatlar berildi. Şuningdek, davlat organlari va taşkilotlarida korrupsiyaga qarşi içki nazorat (komplayens) bölinmalari taşkil etilib, ular xalqaro ISO 37001:2016 standartlari asosida iş olib bormoqda.
Korrupsiyaviy omillarni bartaraf etişda inson omilini kamaytiriş va jamoatçilik nazoratini kuçaytirişga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, «Raqamli Özbekiston – 2030» strategiyasi doirasida yuzlab loyihalar hayotga tatbiq etilib, soliq, davlat xaridlari va ruxsatnoma beriş jarayonlari elektron şaklga ötkazildi, köplab ortiqça hujjatlar va litsenziya talablari bekor qilindi.

Davlat organlari faoliyati şaffofligini nazorat qiliş uçun «E-Antikorrupsiya» platformasi, «E-qaror» tizimi va Oçiqlik indeksi joriy etildi. Natijada Özbekiston “Open Data Inventory” xalqaro reytingida 195 ta davlat orasida 30-öringa kötarildi. Bundan taşqari, davlat xizmatçilarining huquqiy savodxonligini oşiriş maqsadida Korrupsiyaga qarşi virtual akademiya taşkil etildi. Hozirda korrupsiya haqida xabar bergan şaxslarni himoya orderi orqali muhofaza qiliş tizimi yölga qöyilmoqda.
Muloqot davomida delegatsiya vakillari içki nazorat tuzilmalari faoliyati, ularning mustaqilligi hamda «Korrupsiya haqida xabar beruvçilarni himoya qiliş töğrisida»gi qonun loyihalarining joriy bosqiçlari bilan tanişdi. Şuningdek, qator sohalarda korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etiş va preventiv çoralar köriş borasidagi amaliy natijalar yuzasidan özlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Uçraşuv yakunida tomonlar özaro hamkorlikni davom ettiriş hamda korrupsiyaga qarşi kuraşiş sohasidagi islohotlar yuzasidan muntazam axborot almaşinuvini yölga qöyişga kelişib oldi.
N.Abduraimova,
ÖzA