Farzandlari ta’minotidan qochgan ota nonvoyxonada topildi
MIB xodimlari Namangan shahridagi bozorda joylashgan nonvoyxonaga bu safar non xarid qilish uchun emas, balki bir necha yildan buyon o‘z farzandlarining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab kelayotgan otani izlab borishdi.
Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida aliment to‘lovlaridan qarzdor fuqaro nonvoyxonada ekanligi aniqlandi.
Qidiruv tadbirining manzili oddiy nonvoyxona. Ammo bu yerdagi “kunlik yumush”dan ko‘ra muhimroq masala bor edi. Gap o‘z farzandlarining ta’minoti uchun belgilangan aliment majburiyatini bajarishdan qochib yurgan ota haqida ketmoqda.
Majburiy ijro byurosi xodimlari qarzdorning turgan joyini aniqlab, uni ijro ishi doirasida belgilangan tartibda olib borish choralarini ko‘rdilar.Qarzdorlik 31 mln so‘mni tashkil etgan.
Aliment shunchaki qarz emas. Bu farzandning kundalik ehtiyoji, kiyimi, ta’limi, oziq-ovqati va kelajagi bilan bog‘liq majburiyat. Shuning uchun farzand ta’minotidan bo‘yin tovlash — majburiyatni “keyinga qoldirish” emas, balki bolaning haqqini kechiktirishdir.
Mazkur holat yana bir bor aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish, ijro hujjatlarida belgilangan talablarga rioya qilish zarurligini ko‘rsatadi.
Hamroz Bayonov,O‘zA