Qidiruvdagi ota topildi
Farzand ta’minotidan bo‘yin tovlab, davlat ijrochisidan yashirinib yurgan qarzdor ota qidiruv tadbirlari natijasida topildi.
Majburiy ijro byurosining Guliston shahar bo‘limi ish yurituvidagi ijro hujjatiga ko‘ra, fuqaro D.O.dan voyaga yetmagan farzandi ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Biroq u qonunchilikda belgilangan majburiyatini bajarishdan bosh tortib, aliment to‘lovlarini amalga oshirmagan va davlat ijrochisidan yashirinib yurgan.
Shu sababli qarzdor otaga nisbatan belgilangan tartibda qidiruv e’lon qilindi. Olib borilgan qidiruv tadbirlari samarasida u aniqlanib, davlat ijrochisiga topshirildi.
— E’tiborlisi, aliment masalasi oddiy qarz munosabati emas. Uning ortida farzandning kundalik ehtiyojlari, ta’lim-tarbiyasi, sog‘lom va munosib hayot kechirish masalalari turibdi. Shu bois ota-onaning farzandi ta’minotidan bo‘yin tovlashi nafaqat qonuniy, balki ma’naviy jihatdan ham jiddiy mas’uliyatni keltirib chiqaradi, — deydi Majburiy ijro byurosining Sirdaryo viloyat boshqarmasi qidiruv bo‘limi inspektori Shavkat Sarkayev.
Qarzdorlikni bartaraf etishdan qochish esa muammoni hal qilmaydi. Aksincha, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishiga sabab bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri