Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tayotgan paraolimpiadaning yengil atletika turi yadro uloqtirish musobaqasida o‘zbekistonlik Boburjon Omonov oltin medalni qo‘lga kiritganligi, qolaversa, para yengil аtletika bahslari rekordini o‘rnatgani mustaqillik bayramiga uning munosib tuhfasi bo‘ldi.
Parijda erkaklar o‘rtasida para yengil atletika musobaqasining F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida ishtirok etgan Boburjon Omonov 14,32 metr natijaani qayd etib, yadro uluqtirish bo‘yicha paralimpiya rekordini yangiladi hamda oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Jahonning eng nufuzli sport musobaqasida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘targan Boburjon Omonov 2000 yil Andijon viloyati Marhamat tumanidagi Shomot mahallasida tug‘ilgan.

Boburjon 2015 yildan buyon tuman Bolalar va o‘smirlar sport maktabida yengil atletika bilan shug‘ullanib keldi, qator musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. 2017 yildan ustozi Mavlonbek Haydarov qo‘l ostida mashg‘ulotlarda qatnashib keladi.
O‘zining matonati, qat’iyligi, intilishi bilan o‘tgan yillar davomida sportning yadro uloqtirish turi texnikasi sirlarini puxta o‘rgandi. Natijada nafaqat mamlakat chempioni, balki xalqaro turnirlar, Osiyo va jahon chempionatlarida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Boburjon Omonov 2017 yilda yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi para Osiyo o‘yinlari, 2018 yilda Indoneziyada o‘tkazilgan para Osiyo o‘yinlarida, 2019 yilda Birlashgan Arab Amirliklaridagi bo‘lib o‘tgan para jahon chempionati o‘yinlarida 1-o‘ringa sazovor bo‘lgan. Qolaversa, chempionatda yadro uloqtirish bo‘yicha 14,31 metr natijani qayd etib, jahon rekordini o‘rnatgan.

Boburjon Omonov 2021 yilda Tokioda bo‘lib o‘tgan paraolimpiada musobaqasida ham 14,06 metr natijani qayd etib, yadro uluqtirish bo‘yicha paralimpiya rekordini yangilagan hamda oltin medalga sazovor bo‘lgan edi.
Bir necha bor O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempioni, jahon rekordchisi bo‘lgan Boburjon endi ikki karra para olimpiada chempioni va rekodchisi sifatida tarix zarvaraqlariga o‘z nomini muhrladi.
Boburning ushbu g‘alabasi butun yurtdoshlarimizni behad quvontirdi. Ayniqsa, chempion yashaydigan Marhamat tumanidagi Shomot mahallasida katta shodiyona, uning ota-onasi, yaqinlari, do‘stlarining quvonchi cheksiz.

Boburjonning erishgan g‘alabasi munosabati bilan Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Komiljon Komilov, tuman hokimi O‘tkirbek Mamurov rahbarligida keng jamoatchilik vakillari sportchining xonadonida bo‘lishib, ota-onasini, yaqinlarini muborakbod etishdi, sovg‘a-salomlar topshirishdi.
- Farzandimning g‘alabasidan boshim ko‘kka yetdi, – deydi Boburjonning onasi Sayyoraxon Qosimova. – Ona uchun farzand kamolidan, uning yutug‘laridan faxrlanishdan ko‘ra ulkan baxt bo‘lmasa kerak. Ana shunday baxt menga nasib etganidan, yolg‘iz o‘g‘lim jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da yurtimiz dovrug‘ini ko‘klarga ko‘tarayotganidan quvonaman.
Ayniqsa, televideniye, ijtimoiy tarmoqlarda Prezidentimizning o‘g‘lim bilan telefon orqali gaplashgani, o‘g‘limni tabriklaganini ko‘rib, Yurtboshimizning e’tiboridan qalbim faxrga to‘ldi.
Chekka bir qishloqdan yetishib chiqqan, oddiy bir oilaning farzandi Boburjon Omonovning g‘alabasi istiqlol bayramiga munosib tuhfadir. Qolaversa, uning yutug‘i barcha yurtdoshlarimiz qalbiga faxr-iftixor tuyg‘usini soladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari