Farzandimning yutug‘idan boshim ko‘kka yetdi
Bu paraolimpia chempioni Boburjonning onasi Sayyoraxon Qosimovaning dildan chiqqan so‘zlari.
Yaponiya poytaxti Tokioda bo‘lib o‘tayotgan paraolimpiadaning yadro uloqtirish musobaqasida o‘zbekistonlik Boburjon Omonov oltin medalni qo‘lga kiritganligi, qolaversa, para yengil atletika bahslari rekordini o‘rnatgani mustaqillik bayramiga uning munosib tuhfasi bo‘ldi.
Tokioda erkaklar o‘rtasida para yengil atletika musobaqasining F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida ishtirok etgan Boburjon Omonov 14,06 metr natijaani qayd etib, yadro uloqtirish bo‘yicha paraolimpiya rekordini yangiladi hamda oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Jahonning eng nufuzli sport musobaqasida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘targan Boburjon Omonov 2000 yil Andijon viloyati Marhamat tumanidagi Shomot mahallasida tug‘ilgan.
Boburjon 2015 yildan buyon tuman Bolalar va o‘smirlar sport maktabida yengil atletika bilan shug‘ullanib keldi, qator musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. 2017 yildan esa ustozi, Rio De Janeyroda bo‘lib o‘tgan paraolipiya o‘yinlari ishtirokchisi Mavlonbek Haydarov qo‘l ostida mashg‘ulotlarda qatnashib keladi.
O‘zining matonati, qat’iyligi, intilishi bilan o‘tgan yillar davomida sportning yadro uloqtirish turi texnikasi sirlarini puxta o‘rgandi. Natijada nafaqat mamlakat chempioni, balki xalqaro turnirlar, Osiyo va jahon chempionatlarida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Boburjon Omonov 2017 yilda yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi para Osiyo o‘yinlari, 2018 yilda Indoneziyada o‘tkazilgan para Osiyo o‘yinlarida, 2019 yilda Birlashgan Arab Amirliklaridagi bo‘lib o‘tgan para jahon chempionati o‘yinlarida 1-o‘ringa sazovor bo‘lgan. Qolaversa, chempionatda yadro uloqtirish bo‘yicha 14,31 metr natijani qayd etib, jahon rekordini o‘rnatgan. Ana shu yutuq bilan Tokiodagi para olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi.
Bir necha bor O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempioni, jahon rekordchisi bo‘lgan Boburjon endi para olimpiada chempioni va rekodchisi sifatida ham tarix zarvaraqlariga o‘z nomini muhrladi.
Boburning ushbu g‘alabasi butun yurtdoshlarimizni behad quvontirdi. Ayniqsa, chempion yashaydigan Marhamat tumanidagi Shomot mahallasida katta shodiyona, uning ota-onasi, yaqinlari, do‘stlarining quvonchi cheksiz.
– Farzandimning g‘alabasidan boshim ko‘kka yetdi, – deydi uning onasi Sayyoraxon Qosimova. – Ona uchun farzand kamolidan, uning yutug‘laridan faxrlanishdan ko‘ra ulkan baxt bo‘lmasa kerak. Ana shunday baxt menga nasib etganidan, yolg‘iz farzandim jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da yurtimiz dovrug‘ini ko‘klarga ko‘tarayotganidan quvonaman. Barcha onalarga mana shunday baxt nasib etishini tilayman.
Chekka bir qishloqdan yetishib chiqqan, oddiy bir oilaning farzandi Boburjon Omonovning g‘alabasi istiqlol bayramiga munosib tuhfa bo‘ldi. Qolaversa, uning yutug‘i barcha yurtdoshlarimiz qalbiga faxr-iftixor tuyg‘usini soladi.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA