Farg‘ona viloyati tarixiy obidalari, zamonaviy inshootlari, ayniqsa, maftunkor tabiati bilan sayyohlar e’tiborini tortmoqda.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, “Hunarmand” uyushmasi va Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida viloyat bo‘ylab tashkil etilgan infoturda bu yana bir bor e’tirof etildi.
Ommaviy axborot vositalari xodimlari Uchko‘prik tumanida shifobaxsh o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan “Mehrigiyo” kichik korxonasida bo‘ldi. Bu yerdagi shifobaxsh o‘simliklarning xususiyatlari, afzalliklari, parvarish jarayonlari va ulardan tayyorlangan tabiiy mahsulotlar bilan tanishdi.

Ayni paytda korxonada dorivor o‘simliklarni yetishtirish va ularni qayta ishlash asosida yuzdan ziyod shifobaxsh choy, sharbat va asalli mahsulotlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Papaya, zaytun, rastoropsha, kivi, lavanda kabi turli o‘simliklarni mahalliylashtirish va ulardan farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish borasida olimlar bilan hamkorlikda ishlar olib borilyapti. Ishlab chiqarilayotgan dori-darmonlar dunyoning ko‘plab mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Rishton tumanidagi Xo‘ja Ilg‘or ziyoratgohi ishtirokchilarda yaxshi taassurot qoldirdi. Bu maskan XIX asrda shu yerlik ikki taniqli shaxs – Xo‘ja Ilg‘or hoji va Mulla Ismatilloh qori sharafiga qurilgan. Ular chuqur diniy ilmga ega bo‘lib, karomatgo‘y zot bo‘lgan. Maqbaralar, chillaxona g‘ori saqlanib qolgan. Me’morchiligi o‘ziga xos bo‘lib, Qo‘qon va Marg‘ilondan farqli o‘laroq uning naqshlarida och havo rangga alohida urg‘u berilgan.

Rishtonlik kulol Ravshanbek Tojiddinovning ustaxona-muzeyi doimo gavjum. U 12 yoshidan kulolchilik bilan shug‘ullana boshlagan. Shu vaqtgacha bir necha respublika ko‘rik tanlovlari g‘olibi bo‘lgan. Rishton kulolchiligini butun dunyoga tarqatish maqsadida Eron, Pokiston, AQSH, Germaniya, Turkiya va Rossiya kabi o‘ndan ortiq davlatlar bozoriga o‘z mahsulotlarini yetkazib bermoqda. U an’anaviy va zamonaviy kulolchilikni o‘zaro uyg‘unlashtira olgan tadbirkor, kuloldir.
Eng qiziqarli va sermazmun tashrif ob’ekti Xalqaro kulolchilik markazi bo‘ldi. Markaz rishtonlik 20 ta nomdor kulolni o‘z bag‘riga olgan. Tadbir davomida ushbu markazda ikkita oilaviy mehmon uyining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Mehmon uylarini viloyat hokimining turizm va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Xurshid Ahmedov tantanali ravishda ochib berdi va ularga mehmonxonaning muvofiqlik sertifikatini topshirdi.
Infotur ishtirokchilari Marg‘ilon shahridagi Hunarmandlar markazidagi ipak va ipak matolarni tayyor mahsulot holiga keltirish texnologiyalari bilan tanishdi. Marg‘ilon qadimdan ipak va ipak mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan shahar sifatida dong taratgan. Hozirgi kunda mingdan ortiq xonadon shu hunar bilan shug‘ullanib keladi. Marg‘ilon ipaklari dunyoning 50 dan ortiq mamlakatiga eksport qilinadi. Usta-tadbirkor Ibrohim Sultonov rahbarlik qilayotgan Hunarmandchilik markazi o‘tgan yilda ochilgan bo‘lib, 600 dan ortiq hunarmandni o‘z atrofida birlashtirgan.

Farg‘onada turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyat bor. Xususan, muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalar milliy hunarmandchilik buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.
M. Sulaymonov,
O‘zA