Farg‘onalik fermerlar Boshqirdistonda ish yuritadi
Belarus Prezidenti taklifi bilan bir guruh o‘zbekistonlik chorvadorlar Gomel viloyatiga borib go‘sht, sut yetishtirish xo‘jaliklarini tashkil etganlari haqida ilgari xabar bergandik.
Mana endi, Rossiyaning Boshqirdiston Respublikasida ham farg‘onalik fermerlar ish boshlaydi. Bunday kelishuv Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov O‘zbekiston va Rossiya hududlari Kengashining III yig‘ilishi doirasida "Farg‘ona ekspo" markazida Boshqirdiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar va kongress faoliyati vaziri Margarita Bolыcheva bilan uchrashuvi chog‘ida tuzildi.
Muloqotda hududlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi va texnologik hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Boshqirdistondagi fermer xo‘jaliklari uchun ajratiladigan yer maydonlaridan samarali foydalanish, u yerda tashkil etilayotgan texnoparkda Farg‘ona tadbirkorlari uchun ishlab chiqarish imkoniyatlarini yaratish, shuningdek, elektron savdo platformalarini o‘zaro integratsiya qilish bo‘yicha istiqbolli tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Ushbu yo‘nalishlar hududlar tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
Delegatsiyalar almashinuvi orqali yangi loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari kelishib olindi.
Uchrashuvda nafaqat iqtisodiy, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini rivojlantirish masalalari ham muhokama mavzusi bo‘ldi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA