Rossiya O‘zbekistonning strategik hamkori
Bugun Farg‘onada O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlari Kengashining III yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Bungacha Rossiyadan tashrif buyurgan 400 ga yaqin delegatsiya a’zolari (ular orasida vazir, vazir o‘rinbosarlari, gubernatorlar, tarmoq idora va tizim rahbarlari, kompaniyalar yetakchilari, yirik ishlab chiqarish korxonalari asoschi va ish yurituvchilari bor) Farg‘ona viloyatining iqtisodiy salohiyati bilan tanishdilar. Viloyatdagi zamonaviy zavod-fabrikalar, fermer xo‘jaliklari, dala-bog‘lar hamda sayyohlik maskanlarida bo‘ldilar.
Umuman, Rossiya Federatsiyasi Farg‘ona viloyati uchun ham eng yirik iqtisodiy hamkor hisoblanadi. Hozirgi kunda viloyatda uning kapitali ishtirokida jami 169 ta korxona (81 ta qo‘shma va 88 ta xorijiy) faoliyat olib bormoqda.
2026-yilning birinchi yarmida Rossiya Federatsiyasi bilan xamkorlikdagi 27 ta korxona tomonidan umumiy qiymati 162 mln dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan. Misol uchun, Rishton tumanida “Kosto Line Holding” MCHJ tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida 28 mln dollar xorijiy investitsiya evaziga yangi ishlab chiqarish liniyasi foydalanishga topshirildi.
2026-yil boshidan bugungi kunga qadar rossiyalik hamkorlar bilan umumiy qiymati 478,2 mln dollarlik 74 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Beshariq tumanidagi “Drujba un Kombinati” MCHJ XK tomonidan qiymati 10 mln dollarlik un ishlab chiqarish loyihasi ularning biri. Natijada bu yerda 100 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Farg‘ona va Rossiya o‘rtasida savdo - iqtisodiy hamkorlik xam rivojlanib bormoqda. 2026-yilning birinchi yarmida Farg‘ona viloyati hamda Rossiya Federatsiyasi tadbirkorlari o‘rtasida tashqi savdo aylanmasi 767,3 mln.dollarni tashkil etgan. Shundan eksport 358,8 mln.dollar; import 408,5 mln.dollar.
Yil oxirigacha o‘zaro tovar aylanmasi 1.5 mlrd. dollardan ortishi kutilmoqda.
"Farg‘ona ekspo" markazida O‘zbekiston va Rossiya hududlari Kengashining III yig‘ilishi doirasida ikki mamlakat hududlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator memorandumlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Mixail Kotyukov bilan, shuningdek, Dog‘iston Respublikasi Hukumati raisi o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Rizvan Gazimagomedov bilan o‘zaro hamkorlik va anglashuv to‘g‘risida memorandum imzoladi.
Shuningdek, So‘x tumani hokimi Saidbahrom Saidmusayev va Omsk viloyati qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qayta ishlash sanoati vaziri Nikolay Drofa o‘rtasida agrosanoat kompleksi sohasida hamkorlik qilish va qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan memorandum imzolandi.
Tadbir doirasida Krasnoyarsk o‘lkasi va Surxondaryo viloyati, shuningdek, Krasnoyarsk o‘lkasi va Namangan viloyati o‘rtasida ham hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.
Mazkur hujjatlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, sanoat va agrosanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda hududlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA