Farg‘onada “Yangi O‘zbekiston qiyofasi” dasturi ijrosi izchil davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 8-oktabrdagi “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, yurtimizning 33 ta shahar va tumanida “Yangi O‘zbekiston qiyofasi”ni shakllantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan.
Mazkur dastur doirasida Farg‘ona viloyatidagi 4 ta shahar va tuman qatorida Yozyovon tumanida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan tuman hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-28462]
Tadbir doirasida Yozyovon tumani hokimi Dilshod Jalilov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Ta’kidlanishicha, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida davlat byudjetidan tumanga 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston qiyofasi” dasturi amalga oshirilayotgan “Qoratepa”, “Soyyoni” va “Yuqori” mahalla fuqarolar yig‘inlarining har biriga respublika byudjetidan 5 milliard so‘mdan, “og‘ir” toifaga kiritilgan yana 6 ta mahallaga esa 3 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi belgilangan. Umuman, tuman miqyosida 132 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
Ayni paytda mazkur mahallalarda ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasi asosida qurilish-bunyodkorlik ishlari, transport-logistika hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilashga qaratilgan loyihalar jadal amalga oshirilmoqda. Bu esa infratuzilmani zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladi.
— Shu maqsadda sanoat, xizmat ko‘rsatish, servis, qurilish va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda umumiy qiymati 1 trillion 382 milliard so‘mlik qariyb 400 ta istiqbolli loyiha amalga oshirilmoqda, - deydi tuman hokimi Dilshod Jalilov. — Bu loyihalar doirasida 4 mingdan ortiq yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Press-tur ishtirokchilari dasturga kiritilgan mahallalarda bo‘lib, “mahalla yettiligi”, nuroniylar, faol yoshlar va tadbirkorlar bilan muloqotlar o‘tkazdi. Shuningdek, yangi tashkil etilayotgan tadbirkorlik sub’ektlari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va ijtimoiy soha ob’ektlarida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA