Erta tongdan Farg‘ona shahridagi musiqali drama teatri binosi oldida karnay-surnay sadosi yangradi. O‘zbekiston Prezidenti qarori bilan Mustaqillikning 32 yilligini munosib nishonlash dasturiga asosan bugun viloyat ijodkorlari: yozuvchi va shoir, jurnalist, rassom, dizaynerlar o‘rtasidagi “Eng ulug‘, eng aziz” ijodiy tanlovga yakun yasaldi. Ijodkorlar o‘z asarlarida mustaqillik yillarida erishilgan natijalar haqidagi tahliliy maqolalari, she’r va nasriy asarlari, rangbo‘yoq rasmlari, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlari bilan qatnashdilar. Ular zamonga shukrona aytardilar, o‘z asarlarida.
–Muhtaram prezidentimiz olib borayotgan dono siyosatining natijasi tufayli xalqimizning tafakkuri kengligi, davlatimizning dunyo miqyosidagi yutuqlarining bardavomligi natijasi o‘laroq biz erkin emin yashayapmiz, – deydi shoir Ismoil Mahmud. –O‘zbekiston ovozi dunyoda yangramoqda. Bu – tabiiy. Chunki biz buyuk avlodlarning ajdodimiz. Ular dunyo tamaduniga ulkan hissa qo‘shgan zotlar bo‘lgan.

Tantanani viloyat hokimining o‘rinbosari Hurshid Ahmedov tabrik so‘zi bilan ochdi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Holmurod Salimov, O‘zbekiston “Tasviriy oyna” AJ boshqaruvi raisi Isfandiyor Latipovlar kirib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi bilan viloyat ijodkorlarini tabriklashdi. So‘ngra barcha olti yo‘nalishdagi tanlov g‘oliblari e’lon qilindi. Ular orasida iqtidorli shoir va adiblar, yosh, ammo yetuk jurnalistlar, rassomu dizaynerlar bor edi. “Dang‘ara” gazetasi muharriri O‘ktamxon Akbarova, “Sevimli” telekanali viloyat muxbiri, iqtidorli jurnalist Axror Ziyo, “Farg‘ona haqiqati” gazetasi bo‘lim mudiri Muattar Mahmudova, “Kun.uz” internet nashri viloyat muxbiri Sarvar Ziyayev, 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi Malika Boltayeva, O‘zbekiston Milliy Axborot agetligining fotomuxbiri Muqimjon Qodirov kabi g‘olib va sovrindorlar munosib sovg‘alar bilan taqdirlandi.


–Ijodkor sifatida mana shu ona vatanning taqdiriga befarq bo‘lmay yoshlar faoliyatini yoritishda faollik ko‘rsatganim, ijodim bilan hissa qo‘shganimni rag‘batlantirishganidan xursandman, – deydi radiojurnalist Mahbuba Ahmedova. –Albatta har bir e’tirof kelajagim uchun, kasbiy faoliyatim uchun menga qanot bo‘ladi.

–Bugun biror bir mavzuni yoritish uchun istalgan idora eshigini ochib kira olamiz. Chunki bizning kasbiy huquqlarimiz konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan, – deydi “Sevimli” telekanali viloyat muxbiri Axror Ziyo. –Qolaversa muhtaram prezidentimiz “men jurnalistlarning yaqin do‘stiman va ularga ishonaman” degan gaplari meni hamisha ruxlantirib kelgan. Bu mukofot faoliyatimni yanada kengayib barq urishiga zamin yaratdi.


So‘zga chiqqanlar Farg‘ona viloyati hokimligi ijod ahlini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani, yaqinda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limiga faoliyatini tashkil etish uchun 100 mln so‘m ajratganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.
Tantana viloyat san’atkorlari ijrosidagi sho‘x kuy va qo‘shiqlarga ulanib ketdi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/Wjg4YbyvH7g" title="Фарғонада “Энг улуғ, энг азиз” кўрик танлови ғолиблари тақдирланди" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov